Daryo

Samarqand triatlon bo‘yicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

Shu munosabat bilan musobaqa oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

2 daqiqa o‘qish22 464 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

2022-yilning 8-9-oktabr kunlari Triatlon federatsiyasi Sportni rivojlantirish vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi ko‘magida Samarqand tarixida ilk marta Silk Road Samarkand turizm markazida eng yirik sport musobaqasi bo‘lgan triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi—2022 ni o‘tkazadi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shu munosabat bilan 3-oktabr kuni Toshkentda mas’ul tashkilotlar ishtirokida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Ma’lum qilinishicha, ilk kunda dunyoning 30 davlatidan jami 60 nafar sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib borsa, musobaqalarning ikkinchi kunida 160 nafar havaskorlar, shu jumladan, O‘zbekiston mudofaa vaziri hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni ham o‘zlarini sinab ko‘radi.

Musobaqaning ikki kunida ham musobaqalar bir reglamentda o‘tkaziladi: suzish (1,5 kilometr), velo-bosqich (40 km) va yugurish (10 km).

Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Samarqand viloyati hokimligi, Triatlon federatsiyasi bilan birgalikda bir qancha yig‘ilishlar, tashkiliy masalalarni muhokama qildik. Triatlon bo‘yicha musobaqa o‘tkazish oson emasligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Bu o‘ziga xos sport turlaridan sanaladi. O‘ylaymanki, 29 dan ortiq ishtirokchi davlatlar sportchilarining qatnashishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Musobaqa Osiyo kubogi, deb nomlanganiga qaramay, faqatgina shu mintaqa bilan cheklanib qolmaydi. U butun jahonni qamrab oladigan katta ochiq chempionat.

Tashkiliy tomondan Samarqandda ham Osiyo, ham boshqa mintaqa davlatlaridan aviareyslarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilish imkoniyati borligi mehmonlarni poytaxtda kutib olib, keyin boshqa viloyatga kuzatish kabi ovoragarchiliklarning oldini oladi. Samarqandda endilikda buning uchun yetarlicha sharoit bor.

Shaxrillo Mahmudov, Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari
Matbuot anjumanining savol-javob qismida mas’ullar jurnalistlarning musobaqaga doir savollariga javob berdi.
Samarqand sport turizmini rivojlantirish uchun ajoyib maskan. Suv havzasining ishga tushishini intiqlik bilan kutganimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman. Biz mazkur hududdan doimiy foydalanib, muntazam ravishda musobaqalar o‘tkazishimiz kerak, deb o‘ylayman. Endi bevosita terma jamoamizga keladigan bo‘lsam, hozirda ro‘yxat bo‘yicha bizda 26 nafar a’zo bor. Ammo doimiy tarzda yangilab boriladi. O‘zbekiston chempionatidan so‘ng bo‘lajak davr uchun yangi ro‘yxat tuzamiz.

Triatlon federatsiyasining rejalari ulkan. Shu jumladan 2023-yilda ham. Ma’lumki, ushbu davr olimpiya davri sanalgani uchun federatsiya va milliy terma jamoa oldidagi eng katta maqsadlardan biri Olimpiada o‘yinlariga litsenziyalarni qo‘lga kiritishdan iborat. Kelayotgan yilda ham hozirgidek qattiq ishlab, kerakli reyting baholarini yig‘ib, Parijda o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga borish imkoniyatini qo‘lga kiritishga intilamiz.

Yelena Kun, Triatlon federatsiyasi bosh kotibi 
Federatsiya bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, mazkur sport turini nafaqat professionallar, balki havaskorlar o‘rtasida ham ommaviy rivojlantirish, keng yoyish maqsad qilingan. Shuningdek, yaqin orada havaskorlar uchun jahon darajasidagi yirik tadbirlardan birini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar