Bugungi kunda sanoat korxonalari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri, yillar davomida to‘planib qolgan texnogen chiqindilarni qayta ishlash hisoblanadi.

Bu yo‘nalishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutaxassislari tomonidan bir necha yillardan buyon samarali ishlar olib borilib, yangi texnologiyalar yaratilmoqda.

Jumladan, mis eritish zavodining metallurgiya sexida konverter toshqollarini maydalash uchastkasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur uchastkaning faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy ko‘zlangan maqsad, texnogen chiqindilar tarkibidagi mis, oltin va kumushni ajratib olish darajasini oshirish orqali qo‘shimcha mahsulotlar olishdan iborat.

Loyihaning e’tiborga molik tomoni shundaki, texnogen chiqindilarni qayta ishlash loyihasi ortiqcha mablag‘ sarfisiz amalga oshirildi. Misni boyitish fabrikasini rekonstruksiya qilish davomida almashtirilgan maydalagich (drobilka) metallolomga topshirilmadi. Aksincha unga “ikkinchi hayot baxsh etildi”. Natijada mazkur obyektni ishga tushirish uchun atigi 395 ming dollar mablag‘ sarflandi.

Ushbu uchastkada mis shteynlarini konverterlash jarayonida hosil bo‘ladigan texnogen chiqindilar (toshqollar), aylanma materiallarini maydalash hamda klinker (rux ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindi) bilan xomashyo qorishmasi tayyorlanib, Vanyukov pechida to‘g‘ridan to‘g‘ri eritiladi.

Kombinat tomonidan birmuncha oldin yaratilgan texnologiya bo‘yicha texnogen chiqindilar 2-mis boyitish fabrikasida (oraliq masofasi 6 km) qayta ishlanib, konsentrat sifatida qaytarib olinar edi. Mazkur jarayonlarda transport, ishchi xizmati, yonilg‘i resurslari, boyitishda foydalaniladigan kimyoviy reagentlarga bo‘lgan xarajatlar oyiga o‘rtacha 587 million so‘mni tashkil qilar edi. Ishlab chiqarishda qo‘llanilgan yangi texnologiya yiliga 7,04 milliard so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, 2-mis boyitish fabrikasida texnogen chiqindilarni qayta ishlash orqali foydali metallarni olish ko‘rsatkichi mis bo‘yicha 60—72 foiz bo‘lgan. Metallurgiya sexi Vanyukov pechidan to‘g‘ridan to‘g‘ri qayta ishlash jarayoni orqali xomashyodan mis tayyor mahsulotini ajratib olish ko‘rsatkichi esa 93,87 foizni tashkil etadi. Buning natijasida qo‘shimcha mahsulot olishga erishiladi.

Shuningdek, kombinatda yana bir yangilik yaratildi. Rux zavodi texnogen chiqindilarini qayta ishlash jarayoniga jalb qilish orqali metallurgiya sexi Vanyukov pechi, eritish va konverter pechlaridagi tabiy gazni tejab qolish va qo‘shimcha mis, oltin va kumush mahsulotlarini ajratib olish imkonini beradi.

E’tiboringizni raqamlarga qaratadigan bo‘lsak, mazkur uchastkada yiliga:

  • mis eritish zavodining 24 000 tonna texnogen chiqindilari qayta ishlanadi. Natijada yiliga qo‘shimcha 789 tonna mis katodi, 58 kilogramm oltin va 442 kilogramm kumush ajratib olinadi;
  • rux zavodining 96 000 tonna texnogen chiqindilarini (klinker) qayta ishlash esa qo‘shimcha 2 028 tonna mis katodi, 121,2 kilogramm oltin va 29,9 tonna kumush olish imkoniyatini yaratadi;
  • texnogen chiqindilarni qayta ishlash natijasida yiliga 59,2 million dollar daromad olinadi.

Ma’lumot sheriklik huquqi asosida tayyorlandi.