Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 2022-yil 1-fevral kuni xonadonlarning birida gaz portlashi sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga voqeaga guvoh bo‘lgan fuqarolarning biri ma’lum qildi.
Guvohlarning xabar berishicha, shu kuni shaharning 64-mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Otabek Noib ko‘chasidagi xonadonlarning birida gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgan.
Portlash oqibatida mazkur uy to‘liq qulab tushgan. Shu atrofdagi o‘n beshga yaqin xonadonga esa turli darajada talafot yetgani aytilmoqda.
Portlash vaqtida xonadon egalari uyda bo‘lmagan. Hodisa oqibatida fuqarolarning tan jarohati olgani yoki halok bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q.
“Daryo” muxbiri Favqulodda vaziyatlar vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi bilan bog‘langan. Mas’ullar holat o‘rganilib, to‘liq ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.