Daryo

Toshkentda yuz bergan yong‘inni yoritmoqchi bo‘lgan “Milliy” telekanalining ikki xodimi kaltaklandi

“Birdan noma’lum shaxslar tasvirchiga tashlanib, 5-6 kishi urib tashladi. Hamma joyi qon bo‘lib yotibdi, labi yirtilgan. O‘zim shokka tushib qoldim, mikrofonimni olib, zo‘rg‘a tashqariga chiqishga ulgurdim”, — deydi muxbirlardan biri

2 daqiqa o‘qish120 060 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Bosh prokuratura

Toshkent shahri Chilonzor tumanida 24-yanvar kuni omborxonalarning birida yong‘in chiqqani xabar qilingandi. “Milliy” telekanalining xabar qilishicha, voqeani yoritishga kelgan telekanal xodimlari noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklandi.

Foto: Bosh prokuratura

Qayd etilishicha, 24-yanvar kuni soat 09:58 da tumanning Bunyodkor ko‘chasida joylashgan omborxonada yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borgan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Foto: Bosh prokuratura

“Milliy” telekanalining “Millar” dasturi muxbiri va tasvirchilari FVB xodimlari ruxsati va inspektorning nazorati bilan voqea joyidan reportaj tayyorlashga kirishgan. Shu payt OAV xodimlari kaltaklangan.

Foto: Bosh prokuratura

“Birdan noma’lum shaxslar tasvirchiga tashlanib, 5-6 kishi urib tashladi. Hamma joyi qon bo‘lib yotibdi, labi yirtilgan. O‘zim shokka tushib qoldim, mikrofonimni olib, zo‘rg‘a tashqariga chiqishga ulgurdim”, — deydi muxbir.

Do‘pposlagan shaxslar, shuningdek, xodimlarning kameralarini ham olib qo‘ygan.

Jabrlanuvchilar holat yuzasidan Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.

“Daryo” so‘roviga ko‘ra, Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov vaziyat bo‘yicha ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, “Milliy” telekanali tasvirga olish guruhi xodimlari holatni videolavhaga olayotgan vaqtida ularga omborxona ishchi xodimlari va ularga o‘t o‘chirishda yordamlashayotgan shaxslar faol qarshilik ko‘rsatib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda M.A. (2000-yilda tug‘ilgan) va H.O. (2001-yilda tug‘ilgan) ismli muxbirlar jabrlangan.

Huquqbuzarlik holatini U.Z. (1990-yilda tug‘ilgan) va A.G‘ (1985-yilda tug‘ilgan) ismli tadbirkorlar sodir etgani aniqlangan.

Hozirda qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar