Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni Qozog‘istonga tashrifi davomida mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, suhbat avvalida davlat rahbari elboshini dekabr oyining birinchi sanasida nishonlanadigan Qozog’iston birinchi prezidenti kuni bilan samimiy qutlagan. Shuningdek, Nazarboyev olib borgan siyosat tufayli mamlakat barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishgani ta’kidlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Markaziy Osiyo makonida siyosiy muloqot faollashgani, Maslahat uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, do‘stlik va ishonch muhiti shakllangani borasida fikr almashilgan.

Ta’kidlanishicha, Shavkat Mirziyoyev uchrashuvdan so‘ng Qozog‘iston birinchi prezidenti muzeyiga tashrif buyurgan. Davlat rahbari muzey bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan Qozog‘istonga jo‘nab ketgandi. Uni Nur-Sultonda Qozog‘iston prezidenti kutib oldi.

Tashrif chog‘ida Oq o‘rdada Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev tor doirada muzokaralar o‘tkazdi va ikki tomonlama hamkorlikning muhim vazifalarini belgilab oldi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Nur-Sultondagi “Vatan himoyachilari” monumentiga gul qo‘ydi va O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.