Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoat joylari va transportda himoya niqoblarini taqish borasidagi talabni bekor qildi. Vazirlik koronavirus tarqalishiga qarshi sanitar-epidemiologik chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorga bu boradagi tegishli o‘zgartirishni kiritgan, deb xabar beradi Meduza.

Foto: “Kp.by”

Sog‘liqni saqlash vaziri niqob taqish rejimini bekor qilinganini 22-oktabr kuni — mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko himoya niqoblarini taqish majburiyligini tanqid qilganidan ikki kun o‘tib e’lon qilgan. “Niqoblar ham, himoya tadbirlari ham va vaksinatsiya ham — har bir inson uchun mutlaqo ixtiyoriy ish”, — degan edi Lukashenko 19-oktabr kuni COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Belarusda jamoat joylari va transportda niqob taqish talabi 9-oktabrda, mamlakatda koronavirus bilan kasallanish holati ortayotgani sabab joriy etilgandi. Niqob taqish rejimini buzganlar javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning avgustida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko unga atayin koronavirus infeksiyasi yuqtirilgan deb hisoblashini, bundan tashqari, mamlakat koronavirus epidemiyasini yengib o‘tganini ma’lum qilgandi.