Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat aholisi va parlamentiga qilgan murojaatida COVID-19 koronavirusi epidemiyasiga barham berilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bergan.

Foto: Twitter

“Epidemiya bizning jamiyatimizning mustahkamligini ham jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Asosiy xulosa: biz ushbu imtihondan o‘tdik va ofatni yengdik! So‘qir bo‘lmagan har qanday inson buni ko‘ra oladi!” – degan Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus pandemiyaga imkon darajasida tayyorgarlikka ega holda kirgan.

“Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish yo‘lidagi oqilona qarorlar va uni takomillashtirish bo‘yicha katta dasturlar ijrosi ham g‘alabada asosiy rol o‘ynadi”, – deydi Lukashenko.

Shuningdek, Belarus yetakchisining fikricha mamlakatda saqlab qolingan yuqumli kasalliklar shifoxonalari, sanitar xizmatlar, yetarli koyka fondi, diagnostika va davolash apparatlarining mavjudligi ham COVID-19’ning mag‘lub qilinishiga ulush qo‘shgan.

Shuningdek, Lukashenko yangi virus haqidagi ma’lumotlarning kamligi, infeksiyaning ommaviy ravishda tarqalish xususiyati hamda davolash metodikalarining yo‘qligini katta xavf va salbiy jihat sifatida qayd etgan.

Belarus davlat rahbari epidemiya boshida hukumatga kuchli bosim o‘tkazilganligini ham eslatdi.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining barcha mamlakatlar uchun shablon tavsiyalari – tezkor tarzda karantin joriy qilish, kommendantlik soati e’lon qilish, chegaralarni yopish, korxonalar faoliyatini to‘xtatish og‘ir edi. Men bunday qarorni qabul qila olmasdim va hozir meni juda yaxshi tushunayapsiz”, – degan u.

Uning fikricha Belarus hukumati pandemiya davridagi har bir bosqichda eng to‘g‘ri, xolis qarorlarni qabul qilgan.

“Hozir ko‘pchilik buni Belarusning to‘g‘ri yo‘li deb atamoqda. Ko‘plab mamlakatlar ushbu qarorning qay darajada to‘g‘ri bo‘lganini tan oldi”, – deya ta’kidlagan Belarus prezidenti.

Lukashenko Belarusda bemorlarni frontdagi kabi saralash ishlari amalga oshirilmaganini ham qayd etgan, ya’ni yoshlarni davolab, keksalarga kuchli e’tibor qaratmaslik holatlari kuzatilmaganini bildirgan.

Belarus prezidenti mamlakatda sport inshootlari va savdo markazlari tibbiyot muassasalariga aylantirilganiga e’tibor qaratgan. Kasalxonalardagi koyka fondining yarmi ishlatilgani, sun’iy nafas oldirish apparatlarining umumiy sonidan 10-11 foiz qismidangina foydalanilganini aytib o‘tgan.

Lukashenkonining bildirishicha, hammasi silliq, lokal xatolarsiz kechmagan. Biroq xolis va to‘g‘ri qarorlar bilan ushbu kamchiliklar bartaraf etib borilgan.

Belarusda 9-avgust kuni navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Amaldagi davlat rahbari Aleksanr Lukashenko oltinchi marta saylovlarda nomzod sifatida ishtirok etmoqda. Uning asosiy ikki raqobatchisi — Viktor Babariko hamda Valeriy Sepkalo MSKdan o‘z nomzodlarini ro‘yxatda o‘tkaza olmagan. Babariko iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan. Sepkalo esa qamoqqa olinishi mumkinligidan xavotirlanib Belarusdan chiqib ketgan, dastlab Moskvaga, keyinchalik Kiyevga kelgan.

Viktor Babariko hibsga olinishi va MSKning Lukashenkoga raqobatchi bo‘lishi kutilayotgan asosiy nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazmasligi ortidan Belarusda ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazildi, ularni bostirishga kuchishlatar tizim vakillari jalb qilindi. Yuzlab odamlar qamoqqa olindi.