Latviyada 21-oktabrdan 15-noyabrga qadar birlamchi asosiy ehtiyojlarni qondirish xizmatlarini ko‘rsatadigan korxonalardan tashqari barcha tashkilot va muassasalar yopiladi. Shuningdek, soat 20:00 dan 05:00 ga qadar komendantlik soati joriy qilindi. Bu haqda mamlakat hukumati Twitter’da ma’lum qilgan.

Foto: “TASS”

Latviyaning LETA axborot agentligi xabariga ko‘ra mamlakatda qimor o‘yinlari, totalizatorlar, ko‘ngilochar maskanlar, attraksionlar, akvaparklar, batut parklari faoliyati vaqtincha taqiqlanadi. Shuningdek, fitness, sport, jismoniy tarbiya, turizm (o‘zi yashaydigan manzilga qaytish va xorij safarlar mustasno), foto hamda video xizmatlar (hujjatlar hamda OAV ishi uchun suratga olish, tasvirga tushirishga ruxsat etiladi) va boshqa faoliyat turlarida xizmat ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatiladi. Shaxsiy maslahat berish xizmatlari va ov qilishga ruxsat berilmagan. Ko‘plab do‘konlar va o‘quv muassasalarining ishi to‘xtaydi.

“Alohida yondashuv talab etilmaydigan xo‘jalik xizmatlari bir nafar xaridorga kamida 15 kvadrat metr ochiq maydon taqdim etish imkoni mavjud bo‘lgan binolar hududida ruxsat etiladi”, — deyiladi xabarda.

Maktablarda 1—3-sinflarning odatiy shakldagi darslarga qaytishi 1-noyabrda amalga oshishi mumkin. Bog‘chalarda faqat ota-onalari o‘ta muhim birlamchi ehtiyojlarni ko‘rsatadigan bolalar uchun navbatchi guruhlarning ishlashiga raxsat berilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Latviya bosh vaziri Krushyanis Krishyanis koronavirus bilan bog‘liq yangi cheklovlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Jons Hopkins universiteti taqdim qilib kelayotgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon Latviyada 372 585 nafar odam COVID-19 bilan kasallangan, 5489 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan. Oxirgi bir sutka davomida mamlakatda 2466 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan.