“Navoiyazot” Zarafshon daryosida ko‘plab baliqlar nobud bo‘lishiga olib kelgan zaharli oqova suvlari chiqarilganini rad etib, bunda boshqa ishlab chiqarish komplekslari, shu jumladan, baliqchilik xo‘jaliklarini aybladi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat ekologiya qo‘mitasi “Navoiyazot”ga qarashli quduqdan daryoga zararli moddalar chiqarilgani sababli daryo suvi zaharlanib, ko‘plab baliqlar nobud bo‘lgani haqida xabar bergandi. Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari rahbarligida tashkil etilgan tezkor ishchi guruh tomonidan holat sababi o‘rganilganda “Navoiyazot”ga qarashli (1-tashlama) 267-quduqdan azot ammoniy 21 marotaba, azot nitrat 2,6 marotaba, azot nitrit 60 marotaba, xloridlar 1,3 marotaba, mis ionlari 2,1 marotaba belgilangan me’yorlardan yuqoriligi hamda daryoda ommaviy zaharlanish yuzaga kelgani aniqlangan.
Korxonaning bildirishicha, “Navoiyazot”ga qarashli 267-quduq tarkibida ishlab chiqarish maydonlaridan yomg‘ir oqova suvlaridan iborat, asosan, sovituvchi suv aylanish tizimi va isitish qozonlarida texnologik rejimga asosan va ekologik talablarga javob beradigan tashlanma suvlardan laboratoriya tahlillari olinib keyinchalik Zarafshon daryosiga yuboriladi. Korxona sanitar laboratoriyasi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida muntazam ravishda oqova suvlardan tahlil namunalari olinadi va mutaxassislar tomonidan nazorat qilinadi.
“‘Navoiyazot’ AJda uch yirik investitsiya loyihalari ishga tushirilganligi evaziga ekologik jihatdan xavfi yuqori bo‘lgan ammiak, azot kislotasi 1-2 navbat ishlab chiqarishi, organik sintez ishlab chiqarishining bir necha sexlari (atsetilen, nitril akril kislotasi) ish faoliyati to‘xtatilgan va ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera, suv havzalariga tushishi kamayishiga erishilgan.
So‘nggi davrda oqova suvlar sifatining dinamikasi o‘zgarishlarsiz. ‘Navoiyazot’ AJ joylashgan hududda uning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida tabiatni muhofaza qilish, xomashyo va energiya resurslarini tejash, atrof-muhitga zararli moddalarning chiqishini kamaytirishga ko‘maklashuvchi tashkiliy-texnikaviy chora-tadbirlar doimiy ravishda ishlab chiqilmoqda va bajarilmoqda”, — deyiladi korxonaning ayblovlarga javoban bayonotida.
Shuningdek, qo‘shimcha qilinishicha, Zarafshon daryosi nafaqat “Navoiyazot” tomonidan, balki viloyatning turli sanoat va boshqa ishlab chiqarish komplekslaridan, shu jumladan, baliqchilik xo‘jaliklaridan hosil bo‘lgan barcha oqova suvlarini qabul qiluvchi havza hisoblanadi.
Hozirgi paytda “Navoiyazot” mutaxassislari viloyat ekologik nazorati mutaxassislari bilan birgalikda barcha oqova suvlarning nazorat tahlillari olib borilmoqda hamda jamiyat rahbariyati tomonidan joyida tegishli choralar ko‘rilyapti.
Mavzuga doir: