Forbes jurnali 2021-yil uchun AQShning eng boy 400 kishisi reytingini e’lon qildi. 25 yil ichida birinchi marta mamlakatning sobiq prezidenti Donald Tramp ushbu ro‘yxatga kiritilmadi.

Foto: RT

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 400 ta eng boy amerikaliklarning umumiy boyligi 1,8 trillion dollarni tashkil etadi, bu 2020-yilga qaraganda 500 milliard dollarga ko‘pdir. Ro‘yxatdagi AQShning sakkizta eng boy kishilari boyligi 100 milliard dollardan oshadi.

To‘rtinchi safar ham Blue Origin aerokosmik kompaniyasi egasi va Amazon asoschisi Jeff Bezos reytingning birinchi pog‘onasini egalladi. Uning boyligi 201 milliard dollarga baholanmoqda. Ikkinchi o‘rinni SpaceX va Tesla kompaniyalari egasi Ilon Mask egalladi, uning boyligi 190,5 milliard dollarga teng. Uchinchi o‘rinda Facebook egasi Mark Zukerberg turibdi, uning boyligi 134,5 milliard dollarga baholanmoqda.

To‘rtinchi o‘rinni 134 milliard dollar bilan Microsoft asoschisi Bill Geyts egalladi, u 30 yil ichida birinchi marta AQShning eng boy kishilari ikkiligidan joy olmadi. Bunga Geytsning rafiqasi bilan ajrashuvi sababi bo‘ldi, ajrim natijasida u aktivlarning bir qismini sobiq xotiniga o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Reytingdagi eng yuqori beshlikni 123 milliard dollar bilan Google asoschilaridan biri va egasi Larri Peyj  yakunladi. Uning Google’dagi hamkori Moskvada tug‘ilgan Sergey Brin 118,5 milliard dollar bilan oltinchi o‘rinni egalladi.

Qo‘shma Shtatlardagi eng boy odamlar o‘ntaligidan birorta ham ayol joy olmagan. Ro‘yxatdagi birinchi ayol — Walmart supermarketlar tarmog‘i egasi Elis Uolton, 67,7 milliard dollar bilan 12-o‘rinda turibdi. Forbes ta’kidlashicha, umumiy hisobda ayollar ro‘yxatning atigi 14 foizini (56 kishi) tashkil qiladi, ularning qo‘lidagi boylikning umumiy qiymati 564 milliard dollar. Ro‘yxatdagi ayollarning ko‘pchiligi o‘z boyliklarini meros qilib olgan, faqat 10 nafari o‘zi uchun daromad keltiradigan kompaniyalarning asoschisi hisoblanadi.

Reytingning eng keksa a’zosi — Ted Lerner (ishlab chiquvchi, Vashington Nationals beysbol jamoasining sobiq menejeri), u oktabr o‘rtalarida 96 yoshga to‘ladi. Yana ikki milliarder — Elis Shvarts va Devid Gottesman — kelasi yili 96 yoshga to‘ladi. “Yangi qo‘shilgan 29 yoshli Sem Bankman-Frid bilan birga ro‘yxatning 40 yoshdan kichik 14 a’zosi bor”, — deb qayd etadi Forbes.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp chorak asrda birinchi marta Amerikaning eng boy 400 kishisi ro‘yxatiga kiritilmadi. Buning uchun unga 400 million dollar yetmagan. Hozir uning boyligi taxminan 2,5 milliard dollarga baholanmoqda. Tramp COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri 600 million dollar yo‘qotdi, chunki texnologik kompaniyalardan farqli o‘laroq, uning biznes imperiyasining asosini tashkil etuvchi mehmonxona biznesi va ofis binolari koronavirus pandemiyasi tufayli o‘z egalariga kam daromad keltirdi.

Tramp birinchi marta 1996-yilda AQShning eng boy 400 kishisi ro‘yxatiga kirgandi. O‘shanda u 368-o‘rinni egallagan. 1997-yildan 2016-yilgacha u mamlakatning eng boy 200 kishisidan biri bo‘lgan. U egallagan eng yaxshi pog‘ona 71-o‘rin (2003-yilda) bo‘lgandi.