Amerikalik tadbirkor va ixtirochi, Apple asoschilaridan biri Stiv Voznyak Privateer Space xususiy kosmik kompaniyasi tashkil etilganini e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

Stiv Voznyak

Foto: Bloomberg

Voznyakning Twitter’da yozishicha, yangi kompaniya o‘z raqobatchilaridan farqli bo‘ladi. O‘z tvitiga tadbirkor kompaniya haqidagi videoni ilova qilgan. Unda Privateer Space kompaniyasi Ripcord robototexnika kompaniyasi bosh direktori Aleks Filding bilan hamkorlikda tashkil etilgani aytilgan. Ripcord veb-saytiga ko‘ra, kompaniya 2014-yilda NASA tomonidan ishga tushirilgan.

Videorolikda ta’kidlanishicha, Privateer Space “koinotning butun insoniyat uchun xavfsiz va ochiq bo‘lishi yo‘lida harakat qilmoqda”. Kompaniyaning keyingi rejalari 14—17-sentabr kunlari Gavayining Mau orolida bo‘lib o‘tadigan AMOS texnologiya konferensiyasida ma’lum bo‘ladi.

2018-yilning aprel oyida Voznyak “RBK” telekanaliga bergan intervyusida kosmik turizmning rivojlanishi, xususan, qancha odam bunday sayohatni amalga oshirishiga bog‘liq bo‘lishini aytgandi. “Men ko‘plab odamlar va kompaniyalar kosmik sayohatni arzon qilish ustida ishlashini istardim. Agar menda kemaga o‘tirib, Marsga bir tomonlama chipta bilan uchish imkoni bo‘lganida, men uchgan bo‘lardim”, — dedi u. Voznyakning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda kosmik agentliklar va xususiy korxonalarning loyihalari doirasida odamlar boshqa sayyoralardagi koloniyalarga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi, lekin ular Yerni ommaviy ravishda tark etmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Virgin Galactic kompaniyasi asoschisi, britaniyalik Richard Brenson 11-iyul kuni VSS Unity suborbital raketoplanida koinotga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirib, kosmik turizm davrini boshlab bergandi.  U bilan birga ikki uchuvchi va yana uch nafar yo‘lovchi koinotga chiqdi. Parvoz yaxshi o‘tdi — kema mo‘ljallangan balandlikka yetib bordi, yo‘lovchilar bir necha daqiqa vaznsizlik holatida bo‘ldi, shundan so‘ng VSS Unity Yerga xavfsiz qaytib tushdi.

20-iyul kuni esa Amazon asoschisi Jeff Bezos koinotda bo‘lib qaytdi. Bortida Bezos va yana uch nafar odam bo‘lgan New Shepard havo kemasi kosmosga chiqib muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi. New Shepard kapsulasi kosmodromdan uchgach, taxminan 350 ming funt masofani bosib o‘tdi, Yer atmosferasini fazodan ajratib turuvchi Karmana chizig‘idan (Yerdan 100 kilometr uzoqlikda) o‘zgan holda koinotga chiqdi. Parvoz, taxminan, 11 daqiqa davom etgan.