6-avgust kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi uchun xalqaro nashriyotlar ishlab chiqqan ikkita turkum darsliklar uchun litsenziya olganini e’lon qildi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
10 million AQSh dollariga teng turkum 5–11-sinflar uchun informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar, shuningdek, 1–11-sinflar uchun xorijiy til – ingliz tili fanidan darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan iborat.
O‘zbekiston kontekstiga moslashtirilgan darsliklar 2021/2022-o‘quv yilida 200 ta maktabda sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu darsliklarning respublika bo‘yicha 665 milliondan ortiq o‘quvchi o‘rtasida taqsimlanishi 2021/202-o‘quv yilidan boshlanadi.
Darsliklarga qo‘shimcha ravishda, USAID moliyalashtiradigan O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi doirasida ishlab chiqilgan ona tili va matematika (1–4-sinflar), shuningdek, informatika va axborot texnologiyalari (5–11-sinflar) fanlaridan ta’lim standartlarini topshirgan. Xalqaro andozalarga maksimal moslashtirilgan ushbu yuqori sifatli asosiy hujjatlar Xalq ta’limi vazirligiga ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda yordam beradi.
Bundan tashqari, 6-avgust kuni USAID’ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit va xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov DOAG (Ta’lim tizimini rivojlantirishda ko‘maklashish grant shartnomasini) doirasida yana 5,5 million dollar ajratishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha hujjatni imzolagan. Bu mablag‘lar yoshlarning ishga kirishidan oldin ularning tadbirkorligi va ishga tayyorligini oshirish uchun ishlatiladi.
Avvalroq USAID’ning O‘zbekistondagi missiyasining birinchi direktori ish boshlagani, Abdulaziz Komilov AQShda USAID’ning yangi rahbari bilan muzokaralar o‘tkazgani, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi orqali O‘zbekistonga qariyb 400 ming dollarlik 131 tonna oziq-ovqat yordamini yetkazib bergani to‘g‘risida xabar berilgandi.