Eronning Ganava portida yuz bergan yong‘in natijasida biryo‘la beshta savdo kemasi yonib ketdi. Ulardan to‘rttasining bortida yuk bo‘lgan, beshinchi kema yuk olish uchun navbatda turgan, deb yozadi IRNA.

Foto: IRNA

Xabarga ko‘ra, hodisa 5 -avgust kuni ertalab soat beshlar atrofida sodir bo‘lgan.

“Ganava portiga kiraverishda ko‘plab kemalar langar tashlaganini hisobga olib, yonayotgan kemalarni chetga olish va qolganlarini qutqarish uchun ko‘p mehnat qilishimizga to‘g‘ri keldi”, — dedi port meri Golamrezu Mehrju.

Qayd etilishicha, portga kiraverishda mingdan ortiq kema bo‘lgan. Rasmiylar hodisa yuzasidan tergov ishlarini boshlagan.

Dubaydagi Jabal Ali portida 7-iyuldan 8-iyulga o‘tar kechasi kuchli portlash yuz bergandi. Portga langar tashlagan neft tashuvchi kema bortidagi konteynerlardan birida yong‘in chiqqan, bu esa portlashga sabab bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, konteynerda yonuvchi materiallar bo‘lgan. Amirlik hukumati politsiya ma’lumotiga tayanib, yong‘in 130 ta konteyner sig‘adigan kichik kemada sodir bo‘lganini aytgan.

Avvalroq Pemex neft-gaz kompaniyasining Meksika ko‘rfazidagi dengiz quvur liniyasida kuchli yong‘in sodir bo‘lgani xabar qilingandi, yong‘in 78 metr chuqurlikdagi suv ostidan ko‘tarilgan.