Namangan shahrida 25-iyul kuni, taxminan, soat 07:00—08:00 atrofida Shimoliy Farg‘ona kanalida oqib ketayotgan ayol qutqarib qolingan. Namangan viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, ayol Namangan viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Shavkat Sodiqov tomonidan qutqarib qolingan.

“Ertalab ishga ketayotsam, o‘t o‘chirish qismi oldida, kanal ko‘prigi yaqinida tumonat odam to‘planib turibdi. Yo‘l hodisasi bo‘ldimikan, deb o‘ylab ularga yaqinlashdim. Qarasam, kanalda bir ayol oqib ketyapti. Hech narsani o‘ylamay o‘zimni suvga otdim va uni olib chiqdim”, — deydi podpolkovnik.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborotiga ko‘ra, Shimoliy Farg‘ona kanalining Namangan shahar Kosonsoy ko‘chasi oldidan o‘tgan qismida bir ayol oqib ketayotgani haqidagi xabar 25-iyul kuni soat 07:55 da kelib tushgan. FVV axborotida ta’kidlanishicha, voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar ayolni Namangan viloyat IIB YHXB xodimi bilan birgalikda qutqarib olgan.

Suvda oqib ketayotgan ayol asli Yangi Namangan tumanidan, 2005-yildan buyon ruhiy kasallik bilan og‘rib, davolanib keladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u tushkunlik sabab joniga qasd qilish maqsadida o‘zini suvga tashlagan. FVV ma’lumotiga ko‘ra, u qutqaruvchilar tomonidan shifoxonaga yetkazilgan; Namangan viloyat IIBning ma’lum qilishicha, “hozirda ayolning salomatligi yaxshi”.

Podpolkovnik Shavkat Sodiqov.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov shu kuniyoq podpolkovnik Shavkat Sodiqov bilan uchrashgan. “Rahmat sizga, sizdek mard o‘g‘lonlar ko‘paysin! Rahbar bo‘lib, o‘zingiz shaxsiy namuna ko‘rsatibsiz”, — deya hokimning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda hokimlik matbuot xizmati. Uchrashuvda hokim qahramon xodimga qimmatbaho sovg‘a topshirgan.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Qayd etishlaricha, hozirda holat yuzasidan hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Avvalroq, 24-iyul kuni Toshkent shahrida Anhor kanalida cho‘kayotgan ona-bola Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi tomonidan qutqarib qolingani haqida xabar berilgan edi.