Markaziy Osiyo MMA konfederatsiyasi, MMA va O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi prezidenti Otabek Umarov sobiq MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev vafoti munosabati bilan ta’ziya izhor etdi.

Foto: Telegram/ Otabek Umarov

“Muqaddas ayyom arafasida o‘zbek sporti og‘ir judolikka duch keldi: do‘stimiz Murod Xonto‘rayev bevaqt vafot etdi. Yaqinlari o‘g‘lidan, turmush o‘rtog‘idan, otasidan ayrilishdi. Jangchilar ustozsiz qolishdi, MMA assotsiatsiyasi yetakchilardan birini yo‘qotdi.

Millionlab odamlarning qalblaridagi kabi mening qalbimda ham sen mardlik va qat’iyatlik namunasi bo‘lib abadiy qolasan. Oz vaqt yashading, lekin ko‘plarni ilhomlantirishga muvaffaq bo‘lding. Qodir Alloh sabring uchun mukofotlasin, birodarim. Joying jannatda bo‘lsin, chempion!”, — deyiladi Otabek Umarov ta’ziyanomasida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev 19-iyul, dushanba kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘z boshqaruvidagi BMW X5 avtomashinasida avtohalokatga uchrab vafot etdi.

Mazkur YTH yuzasidan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati to‘liq ma’lumot berdi.

“2021-yilning 19-iyul kuni soat 11:30 larda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti hamda BMW X5 ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida BMW X5 avtomobili yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.

Oqibatda BMW X5 haydovchisi, 1987-yilda tug‘ilgan M.X. voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Xonto‘rayev 2018-yil 21-iyunga o‘tar kechasi Yunusobod tumanidagi tungi klublardan birida yuzaga kelgan tartibsizlikda ishtirok etgani uchun hibsga olingan va sud hukmiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining (172 240 so‘m hisobida) 94 barobari — 16 190 560 so‘m miqdorida jarimaga tortilgandi. O‘sha yilning noyabr oyida Xonto‘rayev o‘z ofisida pichoqlab ketilgandi. Hozirga qadar Xonto‘rayev O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgandi.