Sayyoraning eng badavlat kishilarining beshtalik ro‘yxatidan o‘rin olgan Ilon Maskning moliyaviy ahvoli 169,8 milliard dollarga baholanadi. Go‘zal manzarali joydan, qimmatbaho mebellar bilan jihozlangan hashamatli uy sotib olishga qurbi yetishiga qaramay, u maydoni 37 kvadrat metrni tashkil qiladigan ixcham uyga joylashishni afzal bilgan. Mask uchun mazkur uy 50 ming dollarga tushgan — bu milliarderning Tesla kompaniyasi avtomobili narxidan arzonroq.

Turar joy studiya-xonadonni esga soladi. Undagi katta xona mehmonxona, yotoqxona, oshxona va vannaga bo‘lingan. Boxabl startapi tomonidan tayyorlangan uy konstruktor tamoyili asosida plitalardan ishlangan: xohishga qarab uni qismlarga ajratish, keyinroq esa bir necha soatda qayta yig‘ish mumkin.

Maskning uyi SpaceX kompaniyasining Starship raketalari ishlab chiqariladigan yerdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda, Texas shtatining Boka-Chika qishlog‘ida joylashgan.

Ilonning hashamatdan voz kechishi ishga boshi bilan sho‘ng‘ish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.


Milliarderning o‘zi Twitter sahifasida yangi uyi unga juda ham ajoyib tuyulayotganini ma’lum qilgan.

