Gidrometeorologiya xizmati markazi boshqarma boshlig‘i Doniyor Turg‘unov O‘zbekiston hududida kuzatilayotgan anomal issiq havo haqida fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.

Foto: Telegram

Doniyor Turg‘unovning qayd etishicha, hali bu yozda Toshkentda rekord darajada havo harorati qayd etilmadi.

“3—8-iyun sanasida kuzatilgan havo massivlari maksimum rekordlarni qayd etgani yo‘q. Masalan, 1997-yili 18-iyul sanasida Toshkent shahrida havo harorati 44,6 daraja issiq bo‘lgan. Shu kecha-kunduzda poytaxtimizda avtomatik metastansiyamiz ko‘rsatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 42 daraja issiq kuzatildi. Yoz boshidagi anomal haroratda ham 42,6 darajagacha havo isishi kuzatildi.

Yozning ikkinchi oyida ham havo harorati 43 darajadan ortmaydi”, – deydi mutaxassis.

Doniyor Turg‘unovning aytishicha, peshtaxta va mashinalardagi havo harorati ma’lumotlari ishonchsiz.

“Bu o‘rinda yana qo‘shimcha savol tug‘iladi. Do‘konlarimizni peshtaxtalaridagi, mashinalardagi ko‘rsatkichlar 50 dan, 70 dan oshiqni ko‘rsatyapti-ku, deyishlari mumkin. Keling, shu o‘rinda bir narsani tushuntirishga harakat qilaman.

Deylik, do‘konni yuqori qismida joylashgan termometr 71 gradusni ko‘rsatmoqda. Savol tug‘iladiki, u yerdagi havo haroratini o‘lchovchi qurilma qayerda joylashgan? Siz hozirgi kunda, hozirgi vaqtda soat ikkida o‘sha do‘konning tom qismiga chiqib ko‘rsangiz havo harorati yuqoriligini sezasiz, bu tabiiy hol.

Ammo bunga boshqa omillar ta’sir etadi. Tom qismida yopilgan qoplamaning qizishidagi haroratning ta’sirida termometr ham yuqori darajani ko‘rsatadi.

Smartfonlarimiz orqali olinayotgan ma’lumotlarga to‘liq yoki aniq ishonchli ma’lumot berilmaydi, peshtaxtalardagi va uyimizda o‘rnatilgan termometrlar ham aniq ko‘rsatkichni ko‘rsatmaydi”, – deydi Doniyor Turg‘unov.