Daryo

Markaziy bank O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori va uning o‘sishi sabablarini ma’lum qildi

Mamlakatning umumiy tashqi qarzi hajmi 1-aprel holatiga 34,2 milliard dollarni tashkil qilib, 2021-yilning boshiga nisbatan 1 foizga yoki 310,6 million dollarga oshgan

1 daqiqa o‘qish44 982 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Markaziy bank

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi 1-aprel holatiga ko‘ra, 34,2 milliard dollarni tashkil qilib, 2021-yilning boshiga nisbatan 1 foizga yoki 310,6 million dollarga oshgan. Bu haqda Markaziy bankning 2021-yilning birinchi choragi bo‘yicha hisobotida qayd etilgan.

Foto: “Daryo”

Xususan, davlat tashqi qarzi 21,2 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, xususiy sektor qarzdorligi 12,9 milliard dollarga yetgan. Ushbu davrda O‘zbekiston 200 million dollar miqdordagi asosiy qarz va 67 million dollar miqdordagi foiz to‘lovlarini to‘lagan.

“Umumiy tashqi qarz o‘suvchan tendensiyaga ega bo‘lib, undagi o‘zgarishlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, davlat tashqi qarzi o‘sishi COVID-19 pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish hamda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarning jalb qilinishi bilan izohlansa, xususiy sektorda esa asosan tijorat banklari hisobiga kuzatilmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Foto: Markaziy bank

Qayd etilishicha, hisobot davrida tashqi qarz qoldig‘ining deyarli o‘zgarishsiz qolishi yangi qarzlarni jalb qilish va mavjud qarzlarni so‘ndirish darajasi mutanosib bo‘lganligi bilan izohlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 12-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatning tashqi qarzi masalasiga to‘xtalib o‘tgandi. “Hamma tashqi qarzimiz o‘sib borayotganini aytmoqda. Agar biz chet eldan kredit olmaganimizda, iqtisodiyotimizni shu darajaga ko‘tara olarmidik? Biz ichki va tashqi pullarni ijtimoiy-iqtisodiy hayotni o‘zgartirish uchun sarflayapmiz...”, — degan edi Prezident.

Moliya vaziri Timur Ishmetov 28-may kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida 2020-yilda O‘zbekiston tashqi qarzi nimalarga sarflangani haqida ma’lumot bergandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar