Toshkent shahri Uchtepa tumanining 8 ta dahasida istiqomat qiluvchi aholi ichki ishlar vaziriga ochiq xat bilan chiqib, tumandagi dorixonalarda yoshlar giyohvand moddalar sifatida iste’mol qiladigan taqiqlangan dori vositalari sotilayotgani ma’lum qildi. IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasining xabar berishicha, mazkur jamoaviy murojaat o‘rganib chiqilib, nazoratga olingan.

Foto: Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida nazorat ostidagi dori-darmonlarni, shuningdek, giyohvandlik vositalarini noqonuniy tarqalishi va OIV infeksiyasini tarqatishga qarshi kurashish yo‘nalishida 2021-yilda o‘tkazilishi belgilangan profilaktik tadbirlar ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan ham bu borada hamkorlik qilib kelinmoqda.

Shuningdek, respublikaning boshqa hududlarida ushbu profilaktik tadbirlarni o‘tkazish maqsadida IIVning tegishli ko‘rsatmasi ishlab chiqilgan va ijro uchun joylarga yuborilgan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahrida joylashgan dorixonalarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni noqonuniy realizatsiyasi bilan bog‘liq 37 ta holat aniqlanib, jami 62 337 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olingan.

“Jamoaviy murojaatda ko‘rsatilgan hududlarda joylashgan jami 9 ta dorixonalarda tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, noqonuniy muomaladan 2 518 dona nazorat ostidagi dori vositalari olindi. Hozirda ushbu murojaat asosida tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkentda qariyb 100 million so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgani, Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.