Sirdaryo viloyatida ekstremistik va terrorchi tashkilotlar a’zolarining ta’siriga tushib qolgan 20 kishi aniqlandi, deya xabar bermoqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati.

Foto: Sirdaryo viloyati IIB

Xabarga ko‘ra, 16-iyun kuni Sirdaryo viloyati IIB va DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Telegram orqali ekstremistik va terrorchi tashkilotlar a’zolarining ta’siriga tushib, radikal g‘oyalar aks etgan audio va videomateriallarni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelgan yashirin guruh qo‘lga olindi.

Ushbu jinoiy guruhning Mirzaobod tumani va Yangiyer shaharlarida yashovchi 20 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Qo‘lga olingan shaxslarning yashash manzillaridan ekstremistik mazmundagi materiallar protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Foto: Sirdaryo viloyati IIB

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval IIV O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga da’vat qilgan Abdulloh Zufarning aniq manzilini aytgan shaxslarga mukofot puli berilishini ma’lum qilgani, Samarqandda xalqaro ekstremistik guruhlarga qo‘shilib qolgan 9 kishi qidiruvga berilgani hamda Samarqandda Suriya va Yaqin Sharqdagi terroristik tashkilotlarga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 14 nafar fuqaro aniqlangani haqida xabar berilgandi.