O‘zbekistonda yanvar—mart oylarida 1491 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Unda 394 kishi halok bo‘lgan va 1168 kishi jarohat olgan, deb xabar qildi YHXBB.

Foto: YHXBB

Yo‘l-transport hodisalarining aksariyati Farg‘ona viloyatida (210 ta), Toshkent viloyatida (208 ta) va Toshkent shahrida (170 ta) qayd etilgan.

620 ta avtohalokat piyodalar ishtirokida sodir bo‘lgan, 162 tasi velosipedchi, 95 tasi bolalar, 10 tasi mototsiklchilar ishtirokida sodir bo‘lgan.

Baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari tezlikni oshirish — 37,8 foiz, piyodalar o‘tish joylari yo‘qligi sababli yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish — 15,3 foiz, ustunlikka ega transportga yo‘l bermaslik — 12,4 foiz, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish — 7,6 foiz.

Yo‘l-transport hodisalarining “obyektiv sabablari” qatorida transport vositalarini noto‘g‘ri boshqarish va sifatsiz yo‘llar 4,2 foizni, shuningdek, veloyo‘laklar bo‘lmagan joylarda velosipedchilarni urib ketish 4,2 foizni tashkil etgan.

Haydovchining tajribasizligi barcha baxtsiz hodisalarning 5,8 foiziga sabab bo‘lgan, harakat davomida uxlab qolish – 3,3 foiz va transportni mast holda boshqarish 2,6 foiz YTHga sabab bo‘lgan.

Bundan avval Asakada Labo to‘xtab turgan “GAZ-53” yuk mashinasiga borib urilgani, Chinozda Damas YPX inspektorining radar o‘rnatilgan Nexia’siga borib urilgani hamda Toshkentda Captiva Nexia va “Moskvich”ga borib urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.