Daryo

To‘yimli va mazali: vitaminlarga boy 4 ta sabzavotli kotlet retsepti

Mazasi og‘izda qoladigan kotletlarni tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflash shart emas

3 daqiqa o‘qish30 824 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: “Domashniy ochag”

Sabzavotlardan tayyorlangan har qanday taom mazali bo‘lishi bilan birga, vitaminlarga ham boydir. Ramazon kunlarida saharlik yoki iftorlik dasturxoni uchun mazkur kotletlar ajoyib tanlov hisoblanadi.

Foto: “Domashniy ochag”

Karamli kotlet retsepti

Karamli kotletni tayyorlash juda oson. Keyinchalik ham ushbu kotletni haftalik taomnomaga kiritish mumkin.

Foto: “Domashniy ochag”
Kerakli mahsulotlar:
  • karam − 1 kilogramm;
  • piyoz − 1 dona;
  • un − 120 gramm;
  • quritilgan non − 3-4 osh qoshiq;
  • sarimsoq − 3-4 bo‘lak;
  • ko‘kat, tuz va ziravorlar.
Tayyorlanish jarayoni:
  1. Karamni 3-4 bo‘lakka bo‘lib, qaynab turgan suvga solinadi. 10-15 daqiqa yumshaguncha qaynatiladi. So‘ngra suvini to‘kib, blender yordamida maydalanadi.
  2. Piyoz, sarimsoq mayda to‘g‘ralib, karamga qo‘shiladi. Ko‘katlar va un aralashmaga solinadi va kotletlar hosil qilinadi. Kotletlar quritilgan non talqoniga botirib olinadi va qizigan yog‘da qovuriladi.
Kartoshkali kotlet retsepti

Ushbu kotletlarni oldindan tayyorlab, muzlatishga qo‘yish mumkin. So‘ngra istalgan vaqtda ularni shunchaki qovurib, iste’mol qilsa bo‘ladi.

Foto: “Domashniy ochag”
Kerakli mahsulotlar:
  • kartoshka − 1 kilogramm;
  • yong‘oq − 100 gramm;
  • tuxum − 2 dona;
  • sariyog‘ − 2 osh qoshiq;
  • un − 2 osh qoshiq;
  • o‘simlik yog‘i, smetana, tuz va ziravorlar.
Tayyorlanish jarayoni:
  1. Yong‘oqlar quruq tovada qovurib olinadi. Kartoshka qaynatilib, pyure holiga keltiriladi. So‘ngra tuxum, yong‘oq va sariyog‘ qo‘shib aralashtiriladi.
  2. Massadan 12 taga yaqin kotlet tayyorlanadi va unga botirib olinadi. Yog‘da ikki tomoni qizargunga qadar qovuriladi. Kotletlarni smetana bilan birgalikda dasturxonga tortish mumkin.
Sabzili kotlet retsepti

Sabzini xush ko‘ruvchilar uchun to‘yimli hamda vitaminga boy retsept.

Foto: “Domashniy ochag”
Kerakli mahsulotlar:
  • sabzi − 4 dona;
  • olma − 2 dona;
  • sut − 1/2 stakan;
  • tuxum − 1 dona;
  • yorma − 2 osh qoshiq;
  • sariyog‘ − 2 osh qoshiq;
  • smetana, shakar, quritilgan non, tuz va ziravorlar.
Tayyorlanish jarayoni:
  1. Sabzi tozalanib, qirg‘ichdan o‘tkaziladi. Olma to‘rtburchak shaklda to‘g‘raladi. So‘ngra sabzi va sariyog‘ aralashtirilib, olovga qo‘yiladi. Ustidan sut quyiladi va 3 daqiqa davomida qaynatiladi.
  2. Ustidan olma, yorma, tuz va shakar qo‘shiladi. Yaxshilab aralashgandan so‘ng tuxum solinadi va bir xil quyuqlikdagi massa hosil qilinadi.
  3. Massadan kotletlar yasab, quritilgan nonga botirib olinadi. Tovada yoki pechda qizargunga qadar pishiriladi va smetana bilan birgalikda dasturxonga tortiladi.
Sabzavotli kotlet retsepti

Navbatdagi kotlet retsepti ham oilaning barcha a’zosiga manzur kelishi shubhasiz.

Foto: “Domashniy ochag”
Kerakli mahsulotlar:
  • karam − 1/2 kilogramm;
  • sabzi − 2 dona;
  • piyoz − 1 dona;
  • sut − 1/2 stakan;
  • tuxum − 2 dona;
  • yorma − 3 osh qoshiq;
  • ko‘kat, tuz va ziravorlar.
Tayyorlanish jarayoni:
  1. Piyoz to‘rtburchak to‘g‘raladi, sabzi qirg‘ichdan o‘tkaziladi. Karam mayda to‘g‘ralib, tuxum yorma bilan aralashtiriladi.
  2. Tovada avval piyoz qovuriladi, keyin sabzi va karam qo‘shiladi. Tuz va ziravorlardan so‘ng sut solib, 10 daqiqa qaynatiladi.
  3. Hosil bo‘lgan massaga tuxumli aralashma qo‘shiladi va kotletlar hosil qilinadi. Unga botirib, qizarguncha qovuriladi. So‘ngra ko‘katlar bilan bezatilib, dasturxonga tortiladi.
Yoqimli ishtaha! Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar