SpaceX kompaniyasining Starship eltuvchi raketasi prototipi dvigatelga geliy sizib chiqishi sababli portlab ketdi, deb yozdi Ilon Mask o‘zining Twitter sahifasida. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Foto: SpaceX / Global Look Press

“Yoqilg‘i idishidan geliyning qisman kirib qolishi tufayli SN10 dvigateliga quvvat yetishmadi”, — deb yozdi Mask Twitter tarmog‘ida. Bu sizib chiqish tayanchlarning 10 metr sekund tezlikda sinishiga olib keldi.

SpaceX parvoz sinovlari paytida birinchi marta Starship prototipini qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin u qo‘nganidan keyin darhol portlab ketdi. Bungacha dvigateldagi muammolar tufayli ishga tushirish qoldirilgan edi.

Reuters yozishicha, bu Starship qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan birinchi holatdir, bungacha barcha namunalar dvigatel ishga tushirilganidan keyin yoki ularni qo‘ndirishga urinish paytida portlagan.

Halokatdan keyin Mask Twitter’da raketa prototipining “eson-omon” qo‘nganini yozgan edi.

Starship tashuvchi raketasi Mars va Oyga yuklarni yetkazib berish va Yerga qaytish uchun mo‘ljallangan. Raketa prototipi sinov paytida bir necha bor portlab ketdi.

Avvalroq Space X butun dunyo bo‘ylab internet aloqasini yaxshilash va kengaytirishga qaratilgan dastur asosida bortida 60 ta sun’iy yo‘ldosh bo‘lgan raketani uchirgan edi.