Namanganda olib qochilgan Nexia-2 avtomashinasi yo‘l-transport hodisasiga uchradi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Foto: IIV matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 21-mart kuni soat 00:30 larda, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro ariza bilan murojaat qilgan.

Arizada fuqaro 2021-yil 20-mart kuni soat 17:30 larda, o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Nexia-2 rusumli avtomashinasida Uchqo‘rg‘on tumanidagi kasb-hunar kolleji yonida turgan vaqtida, 23 yoshli yigit avtomashinaga yo‘lovchi sifatida o‘tirganini aytgan. Yigit haydovchidan Namangan shahriga olib borib qo‘yishini so‘ragan.

Fuqaro yigitni Namangan shahar ko‘chasiga olib kelib, avtomashinadan shaxsiy ehtiyoji uchun tushgan vaqtida, yo‘lovchi uning ruxsatisiz avtomashinani boshqarib ketganini ma’lum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida aniqlanishicha, yigit mashinani Norin tumani hududida boshqarib ketayotib, yo‘lning o‘ng chetida turgan Nexia-2 avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir etgan va voqea joyidan ketgan.

Natijada ikkala avtomashina texnik shikastlangan. Tan jarohati olganlar yo‘q.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 2018-yilda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan sudlangan, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro sodir etgani aniqlandi va u Namangan shahar Davlatobod tumani “Orzu” MFY hududidan ushlanib, undan tegishli ko‘rgazmalar va jabrlanuvchiga tegishli Samsung rusumli uyali telefon apparati daliliy ashyo sifatida olingan.

Ushbu holat bo‘yicha Namangan shahar IIO FMB tomonidan 2021-yil 21-mart kuni Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan avval Toshkentdagi mashina yuvish shoxobchasidan olib qochilgan Nexia-3 Andijondan topilgani, Namanganda 4 nafar o‘smir sayr qilib kelish bahonasida Spark’ni olib qochib, YTHga uchragani hamda Buxoroda mast holda hamqishlog‘ining Damas’ini olib qochgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.