“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
09:54, 22.02.2021 23715

Farzandingiz dasturxon atrofida telefon o‘ynamasligi uchun nima qilish kerak?

Dasturxon atrofida o‘tirish odobiga ko‘ra, ovqatlanish stoliga taom kelishi bilan barcha begona narsalar — telefon, o‘yinchoq, kitob va boshqa narsalarni chetga surib qo‘yish kerak. Bu qoida faqat bolalar uchun emas, balki ota-onalar uchun ham. Chunki ko‘pincha kattalarning o‘zi bunga amal qilmaydi. Ota-onalar ba’zan gadjetlarga shunchalik bog‘lanib qolishadiki, bolalarga yomon namuna ko‘rsatayotganlarini o‘zlari ham sezmay qolishadi.

Foto: @anniespratt

Agar siz haqiqatan ham bolangizni ovqatlanish vaqtida telefon o‘ynashidan xalos qilmoqchi bo‘lsangiz va unga boshqa yaxshi xulq-atvorni singdirmoqchi bo'lsangiz, buni avval o‘zingizdan boshlashingiz kerak.

Kattalar dasturxon atrofida o‘tirish qoidasini qanday va qayerda buzadi?

Ovqatlanish vaqtida kerak bo‘lmagan buyumlar: telefon, kalit, ko‘zoynak, qo‘lqop, hujjat, kitob, sumka va boshqa shunga o‘xshash narsalar dasturxon ustida bo‘lmasligi kerak. Keling, telefon bilan bog‘liq vaziyatlarni batafsil ko‘rib chiqamiz. Buning uchun bolalar tarbiyasidan biroz chetlashgan holda, kattalar dunyosi haqida suhbatlashamiz.

1-vaziyat

Tasavvur qiling, dugonalaringiz bilan uchrashish uchun restoranga keldingiz. Maza qilib suhbatlashishni, kulishni, mazali kechki ovqat tanovul qilishni rejalashtirgansiz. Umuman olganda, birgalikda maroqli hordiq chiqarmoqchisiz. Biroq stolga o‘tirgandan so‘ng, birorta ayol telefonini olib qo‘ymaydi.

Maroqli suhbat o‘rniga eri yoki boshqa do‘sti bilan ijtimoiy tarmoqlardagi xatlar, yozishmalarni maqsadsiz ko‘rish boshlanadi. Instagram’dagi obunachilariga esa qanday dam olganlarini ko‘rsatish uchun cheksiz stories joylashtirishni boshlaydi.

Foto: @anniespratt

Natijada butun do‘stona kompaniya bir-biri bilan gaplashmaydi, hamma telefoniga bog‘lanib qoladi. Savol tug‘iladi: bo‘lmasa yig‘ilishning nima keragi bor edi?

2-vaziyat

Endi, ishbilarmonlik uchrashuvini olaylik. Muammolarni muhokama qilish jarayonida har ikki tomon vakillari ham telefonlarini olib qo‘yishni xayoliga keltirmaydi ham. Kimdir buni quyidagi jumla bilan oqlaydi: “Biz hammamiz band odamlarmiz, qo‘ng‘iroq qilishimiz yoki pochtamizni tekshirib turishimiz kerak”. Bunday fikr qarshisida o‘tirgan odamning ahamiyatlilik darajasini yo‘qotadi. Demak, u bilan muzokara olib borish siz uchun unchalik muhim emas. Bunday holatlarning oldini olish uchun telefonni olib qo‘ygan ma’qul.

Foto: @anniespratt

3-vaziyat

Do‘stlaringiz va hamkorlaringiz haqida to‘xtalib o‘tdik. Oila va qarindoshlar davrasida-chi? Ba’zilar odob-axloq qoidalari faqat begona odamlar bilan muloqot qilish uchun yaratilgan deb hisoblashadi. Yaqinlarimizga esa har doim xushmuomalalik bilan emas, balki har qanday xatti-harakatimizni ko‘rsata olamiz. Biroq bunday emas. Oilaga bo‘lgan hurmat — hamjihatlik va bir-birini tushunish garovidir.

Foto: @anniespratt

Shuning uchun kattalar ham dasturxon atrofida o‘z harakatlarini nazorat qilishlari kerak. Bunday vaqtlarda telefondan foydalanmang. Aks holda bolalar va oila a’zolaringiz ularning mavjudligi siz uchun hech qanday ahamiyatga ega emas deb o‘ylashadi. Bolalar ham xuddi shunday yo‘l tutib, sizdan o‘rnak oladi.

Bolani dasturxon atrofida begona narsalarni ishlatmaslikka qanday o‘rgatish kerak?

  • Yuqorida aytilgan hamma gaplarni bolangizga tushuntirishga harakat qiling. Unga telefon odamdan muhim emasligini uqtiring.
  • Oilangiz bilan ovqatlanayotganda telefon, gadjet va boshqa har qanday buyumlardan foydalanmaslik haqida kelishib oling. Bu otalarga ham tegishli, chunki ular ba’zida bunday gaplar menga tegishli emas deb o‘ylashadi. Bunday fikrlash noto‘g‘ri. Bu borada ota-onalar birgalikda ishlashlari lozim.
  • Dasturxon atrofida oila a’zolaringiz bilan gaplashing. Ularga e’tibor qarating, har xil mavzularda suhbatlashing, bolangizdan u bilan qanday qiziq voqealar bo‘lganligi haqida so‘rang. Keyingi dam olish kunlari yoki oilaviy ta’tilni birgalikda rejalashtiring.

Foto: @anniespratt

Bolalarga bu qoidalarni o‘rganishda yordam beradigan o‘yin

Dasturxon tuzayotganda idish, sanchqi va pichoqlar orasiga ataylab bir nechta kerak bo‘lmagan buyumlarni qo‘yib qo‘ying. Nima bo‘lsa ham: uy kaliti, o‘yinchoq, daftar, qo‘lqop, otasining telefoni, onasining lab bo‘yog‘i va boshqa narsalar. Keyin bolangizdan keraksiz narsalarni dasturxon ustidan olib qo‘yishni so‘rang.