Kataloniyaning “Barselona” klubi “Manchester Yunayted”dan ijaraga olingan hujumchi Markus Reshfordning to‘liq transferi borasida muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda insayder Rashad Rahman o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida ma’lumot bergan.

Ma’lum qilinishicha, “Barselona” rahbariyati va jamoa bosh murabbiyi Hansi Flik ingliz hujumchisining o‘yinidan to‘liq qoniqmoqda. Futbolchining o‘zi ham faoliyatini Ispaniyada davom ettirish istagini bildirgan. Biroq, “Manchester Yunayted” transfer borasida o‘z pozitsiyasidan qaytmayapti. Ingliz klubi futbolchi uchun qat’iy ravishda 30 million yevro talab qilmoqda. Aks holda, Reshford mavsum yakunida “Old Trafford”ga qaytishi shart. Kataloniyaliklar moliyaviy muammolar sababli transfer uchun “kreativ yechimlar” (turli bonuslar yoki to‘lovni bo‘lib berish) taklif qilgan, biroq “Manchester Yunayted” rahbariyati buni rad etgan.

Ma’lumot uchun, Markus Reshford 2025-yilning yozidan buyon ijara asosida “Barselona” sharafini himoya qilmoqda. Joriy mavsumda hujumchi barcha turnirlar doirasida jami 43 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 12 ta gol va 13 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali Reshfordning qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.