Myanmada 4300 dan ortiq mahbus, jumladan, taxtdan ag‘darilgan sobiq prezident ham afv etildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Qaror xunta yetakchisi Min Aung Hlayn tomonidan qabul qilingan. Bu uning aprel oyida prezidentlik lavozimini egallaganidan beri amalga oshirgan ilk rasmiy choralaridan biridir. Afv etilganlar qatorida 2021-yilgi to‘ntarishdan beri hibsda bo‘lgan sobiq prezident Vin Myint ham bor.

“Min Aung Hlaing 4335 nafar mahbusni afv etishni ma’qulladi”, deb xabar berdi Myanmaning MRTV davlat telekanali.

Mahbuslarning bir qismi to‘liq ozod etilgan, boshqalarining esa jazosi yengillashtirilgan. Hozirda 80 yoshli sobiq yetakchi Aung San Suu Kyi ham 27 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Uning advokati “Reuters” agentligiga jazo muddati oltidan bir qismga qisqartirilganini aytdi. Biroq sobiq prezidentga jazoning qolgan qismini uy qamog‘ida o‘tashga ruxsat beriladimi yoki yo‘qmi noma’lum.

Min Aung Hlayn to‘ntarishdan so‘ng Suu Kyini hibsga olgan edi. Amnistiyalar odatda Myanmada yanvar oyidagi Mustaqillik kuni va aprel oyidagi yangi yil bayrami munosabati bilan e’lon qilinadi.

Ozod etiladiganlar orasida 179 nafar xorijiylik ham bor, ular deportatsiya qilinadi. Amnistiya barcha o‘lim jazolarini umrbod ozodlikdan mahrum qilishga almashtirish, umrbod jazoni 40 yilgacha qisqartirishni nazarda tutadi. Boshqa barcha mahbuslarning jazo muddati esa oltidan bir qismga kamaytiriladi. Ya’ni mahbusning umumiy qamoq muddati 6 ga bo‘linib, uning 1 qismi olib tashlanadi.