Daryo

Shavkat Mirziyoyev Namanganda Chust textile xususiy to‘qimachilik korxonasini borib ko‘rdi

Prezident korxonadagi ish jarayonini, tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi

2 daqiqa o‘qish56 066 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida mato va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Chust textile xususiy korxonasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, ushbu korxona Namangan erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan bo‘lib, fabrikaning ikkita kompleksida 1 ming 300 kishi mehnat qilmoqda.

Korxona buyurtmaga qarab, barcha turdagi ustki va ichki kiyimlarni ishlab chiqarishi mumkin. 2020-yilda qariyb 2 ming tonna mato hamda 5 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlarga 9 million dollardan ziyod eksport qilingan. 2021-yilda eksportni 12 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident korxonadagi ish jarayonini, tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Ilgari egilib paxta ekardik, egilib terardik, lekin boshqa davlatlarni boqardik. Oxirgi yillarda yaratilgan imkoniyatlar tufayli yangi korxonalar paydo bo‘lyapti, tadbirkorlar emin-erkin rivojlanyapti, qayta ishlash darajasi oshyapti. Klasterlar tuzib, paxtani egali qilganimiz uchun uning sifati ham o‘zgaryapti. Paxta sifatli bo‘lsa, tadbirkorga oson bo‘ladi, mahsuloti sifatli, raqobatbardosh bo‘ladi”, — degan davlat rahbari.

Xabarda aytilishicha, korxona binolari ko‘p materiallar sarflanmay, angar usulida barpo etilgan. Natijada qurilishning o‘zidan 6 million dollar iqtisod qilingan.Shavkat Mirziyoyev buning mahsulot tannarxiga, raqobatbardoshligiga ta’sirini ta’kidlab, boshqa to‘qimachilik majmualarini ham shunday loyiha asosida qurish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Chust textile loyihasining umumiy qiymati qariyb 12 million dollar bo‘lib, uch bosqichga mo‘ljallangan. To‘liq quvvatda yiliga 5 ming tonna mato, 15 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Ishchilar sonini 2200 ga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu yerda Namangan viloyatida amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari taqdimot qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev avval qo‘yilgan vazifalar ijrosini ko‘rish, mahallalardagi sharoitni o‘rganish, aholini o‘ylantirayotgan muammolardan kelib chiqib, navbatdagi rejalarni belgilash maqsadida Namangan viloyatida bo‘lib  turibdi. Davlat rahbari tashrifni viloyatning Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Sura General Investments mas’uliyati cheklangan jamiyati bog‘idan boshlagandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar