Picodi portali tahlilchilari tadqiqot o‘tkazib, dunyoning qaysi mamlakatida yashovchi aholi Apple’ning yangi mahsuloti — iPhone 12 Pro’ning 128 gigabaytli versiyasini xarid qilish imkoniga ega ekanligini aniqladi. Ekspertlar gadjet narxini o‘nlab mamlakatlardagi aholining o‘rtacha ish haqi bilan taqqoslagan.

Foto: IXBT

Narxidan qat’i nazar yangi flagman xaridorlari endilikda smartfon qutisidan quvvatlantirgich va naushniklarni topa olmaydi.

Kavkazorti va Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘rtacha maosh inobatga olinadigan bo‘lsa, yangi flagmanni sotib olish oson bo‘lmaydi. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Gruziyada o‘rtacha oylik maosh 1239,5 gruzin larisini (376 AQSh dollar) tashkil etadi. Shu sababli o‘rtacha maoshga ishlaydigan gruzin iPhone 12 Pro’ni xarid qilishi uchun 91 kun ishlashi lozim. Ozarbayjonda esa vaziyat quyidagicha: oylik maosh 636,6 manat (375,5 AQSh dollari) bo‘lib, Apple’ning yangi mahsulotini xarid qilish uchun 92,3 kun ishlashiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Picodi

O‘zbekiston va Qirg‘izistonda iPhone 12 Pro 100 dan ortiq ish kuniga to‘g‘ri keladi: mos ravishda 123,9 va 157,6 kun. Tojikiston aholisi esa yangi iPhone uchun 209,3 kun ishlashga majbur.

Shveysariya, AQSh va Avstraliyada aholisining daromadi yuqoriligi sabab ushbu mamlakatlar aholisi yangi iPhone’ni mos ravishda 4,4, 6,1 va 6,6 ish kuni davomida olingan maoshlariga xarid qila oladi.

Eslatib o‘tamiz, Apple oktabr oyidagi taqdimotida to‘rtta yangi smartfonini namoyish etdi: iPhone 12 Mini, iPhone 12, iPhone 12 Pro va iPhone 12 Pro Max. Barcha gadjetlar kompaniyaning A14 Bionic protsessoriga ega bo‘lgan. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, bu hozirgi kunda bozorda mavjud eng kuchli mobil protsessor hisoblanadi.