Ekspertlar iPhone 12 seriyalarining mashhurligini smartfon taqdim etilganidan ikki oy o‘tib baholadi. Bu haqda JP Morgan banki tahlilchilariga tayanib, Hi-Tech.Mail.ru xabar berdi.

Foto: The Verge

Bank mutaxassisi Samik Chatterjening ma’lum qilishicha, lineyka orasida eng talabgir model iPhone 12 Pro hisoblanadi. Modelga bo‘lgan talab yuqori darajada barqarorligicha qolmoqda. Bunga Apple internet-do‘konidagi yetkazib berish borasidagi ma’lumotlar ham isbot bo‘la oladi — u butun dunyo bo‘ylab o‘rtacha 28 kunga qadar oshib ketgan.

Shu bilan birga, seriyaning eng qimmat apparati — iPhone 12 Pro Max’ga bo‘lgan talab borgan sari kamayib ketyapti. Ayniqsa, bu Xitoyda yaqqol sezilmoqda. Chatterje tomonidan bir oy oldin o‘tkazgan tadqiqot natijalarida esa 12 Pro Max lineykadagi eng talabgor telefon deya keltirilgan. Shuningdek, ekspert seriyadagi u qadar talab yuqori bo‘lmagan modellar nomini ham e’lon qildi — iPhone 12 va 12 mini. Ushbu qurilmalarni yetkazib berish muddati oshgan, biroq sezilarli darajada emas.

Dunyo bo‘yicha Apple smartfonlariga bo‘lgan talabning 35 foizga yaqini to‘g‘ri keladigan AQShda esa asosan iPhone 12 Pro’ga talab yuqori. Smartfonni yetkazib berish muddati 32 kunni tashkil etmoqda. Tahlilchining hisoblashicha, model 2021-yil davomida — Apple yangi gadjetlarini taqdim etguniga qadar aktualligicha qoladi.

Avvalroq 2020-yilning eng mashhur mobil dasturlari reytingi e’lon qilingandi.