Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat dasturi bo‘yicha yig‘ilishda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarurligini ta’kidladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

U sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev va uning o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevga bir oy muddatda birinchi navbatda emlanishi zarur bo‘lgan aholi toifasini belgilab, ularning elektron ro‘yxatini shakllantirishni topshirdi.

Shuningdek, Abduhakim Xojiboyev va Bahodir Yusupaliyevga viloyat hokimlari bilan birga, oilaviy poliklinika va qishloq shifokorlik punktlaridagi 3 mingdan ziyod emlash bo‘limlari shayligini ta’minlashdan tashqari, yana qo‘shimcha 800 ta mobil brigada tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

“2021-yilda To‘ychiyev, Xojiboyev va uning o‘rinbosarlari faoliyatiga Sirdaryo viloyatining 26 ta tuman (shahar)ida oilaviy shifokorlik, ‘elektron poliklinika’ tizimlarini joriy etish natijasiga qarab baho beriladi”, — dedi Prezident.

Bundan avval Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botir Qurbonov O‘zbekiston aholisini koronavirusga qarshi emlash fevral oyining oxiri, mart oyining boshida boshlanishini aytgandi.

Nurmat Otabekov 29-yanvar kuni “O‘zbekiston 24” kanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda dastlabki bosqichda 50 mingga yaqin kishi COVID-19’ga qarshi emlanishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ayni vaqtda Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan ZF 2001 rekombinant vaksinasining sinovlari davom etmoqda. Shuningdek, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi ham mavjud. Umuman, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida 2020-yilning noyabrida ma’lum bo‘lgandi.