YouTube videoservisi AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampning kanalini kamida bir haftaga bloklab qo‘ydi, deb xabar beradi CNN.

Foto: Reuters

YouTube vakilining ma’lum qilishicha, yaqinda prezident kanalida e’lon qilingan video “zo‘ravonlikni targ‘ib qilgan” va o‘chirib tashlangan. Kanal faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga aynan qaysi video sabab bo‘lganiga YouTube aniqlik kiritmagan, biroq ta’kidlanishicha, bir haftalik blokdan so‘ng ular o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqadi.

YouTube Trampning akkauntini bloklamay kelayotgan yagona eng yirik platforma edi. Hozirga qadar prezidentning Facebook, Instagram va Twitter akkauntlari bloklangan. Ushbu ijtimoiy tarmoqlar rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, AQShning amaldagi prezidenti postlari platformalarning zo‘ravonlik harakatlarini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qoidalarini buzgan.

Bundan tashqari, Snapchat va Twitch ham Trampning akkauntini bloklab qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, AQShda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari natijalarini saylovchilar hay’ati 15-dekabr kuni qo‘llab-quvvatlab, demokratlardan nomzod Jo Baydenni g‘olib deb e’lon qildi. Kongress yakunlarni 6-yanvar kuni tasdiqlashi kerak edi. Bunga saylovda mag‘lub bo‘lgan prezident Donald Trampning tarafdorlari xalaqit berdi: ular Kongress binosi yonida yig‘ilib, ichkariga bostirib kirdi. Politsiya ularni faqat kuch bilan quvib chiqara oldi.

Kongressmenlarning bir qismi Kapitoliydan evakuatsiya qilindi. Vashingtonda komendantlik soati e’lon qilinib, tartibni saqlash uchun AQSh poytaxtiga Milliy gvardiya kuchlari kiritildi. To‘qnashuvlarda to‘rt kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Shundan so‘ng Facebook va Instagram Trampni 24 soatga, Twitter esa 12 soatga bloklab qo‘ydi. Keyinroq, 7-yanvar kuni AQSh Kongressi majlisini davom ettirib, Jo Bayden AQShning 46-prezidenti etib saylanganini tasdiqladi va uning inauguratsiyasini 20-yanvarga belgiladi.