Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiyada COVID-19’ga qarshi vaksinatsiya kampaniyasi 14 yoki 15-yanvar kunlari boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda  Anadolu’ga tayanib “RBK” xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Davlat rahbari mamlakatga Xitoy vaksinasini keltirish boshlanganini aytgan. Anqara, shuningdek, Rossiya va Buyuk Britaniya vaksinalarini ham kuzatayotganini bildirgan. Prezident kasallanish darajasi pasayishi bilan hukumat infeksiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlarni ham asta-sekin yumshatishni boshlashini ta’kidlagan.

Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Ko‘ja epidemiya ustidan to‘liq g‘alaba qozonilmaguncha bo‘shashmaslikka chaqirgan. “Ogohlik — bizning eng katta qurolimiz. Emlash dasturi muvaffaqiyatli yakunlanguniga qadar cheklov va choralarga to‘liq rioya qilish juda muhimdir”, — deb yozgan u Twitter’da.

So‘nggi sutkada Turkiyada 10,2 ming kishida COVID-19 aniqlangan, 174 kishi virus oqibatida vafot etgan. Mamlakatda pandemiya boshidan buyon 2,3 kishida virus qayd etilgan, ularning 22,9 ming nafari vafot etgan. Yanvar oyi boshlarida Turkiyada 15 kishida koronavirusning “britancha” shtammi tasdiqlandi.

Dekabr oyi boshlarida Ko‘ja Turkiya hozircha koronavirusga qarshi vaksinani sotib olmasligini, chunki u tegishli laboratoriya nomalariga javob bermasligini va Turkiyada litsenziya ololmasligini ma’lum qilgandi. “Shu sababli u bizning qiziqishimiz doirasidan chiqdi”, — degan edi vazir.

Biroq keyinroq vazir turkiyalik mutaxassislar Rossiya preparati ustida tadqiqot olib borishga kirishganini ma’lum qildi.

Keyinroq vaksinani ishlab chiqishda ishtirok etgan Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) matbuot xizmati ham Anqaraning ushbu vaksinani sotib olishdan bosh tortgani haqidagi xabarlarni soxta deb atab, bu chet elda turib vaksinaga qarshi olib borilayotgan axborot kampaniyasiga misol bo‘la olishini aytgan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, klinik sinovlar vaksinaning ishonchliligi va samaradorligini tasdiqlagan. Peskov “Sputnik V” “pandemiyaga qarshi kurashda hali juda muhim rol” o‘ynashiga ishonch bildirdi.