Daryo

Ispaniya sudi Rossiya Kataloniya mustaqilligi tarafdorlariga 10 ming askar va’da qilganini aytdi. Ular bunga javoban “Kalinka”ni kuylab berdi (video)

Rossiyaning Ispaniyadagi elchixonasi sudyaning bayonotiga hazil bilan javob qildi

2 daqiqa o‘qish41 522 ko‘rishlar0 izoh0
Kataloniya mustaqilligi tarafdorlari Bilbaodagi miting chog‘ida. 2017-yil 16-sentabr Foto: AP Photo

2017-yildagi Kataloniya mustaqilligi haqidagi referendumning noqonuniy moliyalashtirilishi bo‘yicha ishni tekshirayotgan barselonalik sudya Xoakin Agirre fikricha, Rossiya hududning Ispaniyadan ajralishi tarafdorlariga harbiy va moddiy yordam taklif qilgan. Bu haqda Kataloniyaning El Periodica gazetasi 28-oktabr kuni Kataloniyada 21 nafar Kataloniya mustaqilligi tarafdorlarini hibsga olishga asos bo‘lgan orderga tayanib xabar berdi, deb yozadi Meduza.

Kataloniya mustaqilligi tarafdorlari Bilbaodagi miting chog‘ida. 2017-yil 16-sentabrFoto: AP Photo

Sudya hujjatda yozishicha, referendumdan sal avvalroq Rossiya Kataloniyaga 10 ming askar jo‘natishni va Kataloniyaning butun qarzini to‘lashni taklif qilgan. Sudya kataloniyalik siyosatchi, Kataloniya sobiq prezidenti Karles Puchdemonning safdoshi Viktor Terradelyas 2018-yil mayida olib borgan ikkita telefon suhbatiga asoslanib, shunday xulosaga kelgan.

Sud versiyasiga ko‘ra, taklif Terradelyas Mixail Gorbachyov davrida shakllangan rossiyaliklar vakillik guruhiga Kataloniyaning moliyaviy mustaqillikka erishishiga imkon beruvchi kriptovalyuta platformasini yaratishni muhokama qilish uchun murojaat qilgan paytida kelib tushgan.

Sudya imzolagan orderda “Kreml hukumati qatnashgan dezinformatsiya va beqarorlashtirish strategiyasi” haqida ham aytiladi. Hujjatda “Rossiya segodnya” va RT bosh muharriri Margarita Simonyan, Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov va Terradelyasning o‘zi uchrashgan siyosatshunos Sergey Markov ham tilga olingan.

Sudya bayonotidan keyin Kataloniya mustaqilligi tarafdorlari Barselona ko‘chalaridan biriga chiqib, “Kalinka” qo‘shig‘ini kuylab berdi.

Rossiyaning Ispaniyadagi elchixonasi sudyaning bayonotiga hazil bilan javob qildi: “Askarlar soniga yana ikkita nol qo‘shish kerak va bu til biriktirishdagi eng hayratlanarli narsa: qo‘shinlar Kataloniyada fuqarolar urushi davrida yig‘ilgan va xavfsiz joyga yashirib qo‘yilgan “Muxa” va “Chato” samolyotlarida yetkazilishi kerak bo‘lgan”.

Avvalroq El Periodico gazetasi yozganidek, Viktor Terradelyas Kataloniya rahbari Karles Puchdemonga  2017-yilda Moskvada hukmron partiyadan sobiq deputat va Kremlga aloqador siyosatshunos bilan muzokaralar olib borganini aytgan. Unda agar Kataloniya hukumati Qrimning Rossiyaga qo‘shilganini tan olsa, Moskva Kataloniya mustaqilligini tan olishga tayyorligini ma’lum qilingan.

2019-yil noyabrida Ispaniyaning El Pais gazetasi mamlakat huquq-tartibot organlari Rossiya razvedka boshqarmasining 2017-yil kuzida Kataloniya ichki ishlariga ehtimoliy aralashuvini tekshirayotganini xabar qilgandi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar