Ispaniyada koronavirus infeksiyasining tarqalishi tufayli yana favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Foto: BBC

Favqulodda holat tartibi 25-oktabr oqshomidan boshlab kuchga kirgan. Kanar orollaridan tashqari, mamlakatdagi barcha hududlarning hukumatlari komendantlik soati joriy qiladi. Komendantlik soatini soat 23:00 dan 06:00 gacha belgilash tavsiya etilgan, mahalliy hukumatlarga ushbu oraliqni bir soatga qisqartirish yoki uzaytirish huquqi berilgan, deyiladi El Pais xabarida.

Shuningdek, muayyan shart-sharoitlarda favqulodda holat tartibi vaqtida hududlararo hamda ichki harakatlanish cheklanishi mumkin. Hozircha restoranlar, do‘konlarni yopish, sayr qilishni taqiqlash va barcha xodimlarni masofadan turib ishlash tartibiga o‘tkazish rejalashtirilmagan.

Ispaniya hukumati 15 kunlik muddatda favqulodda holat rejimi e’lon qilish huquqiga ega. Ushbu muddatdan uzoqroq qo‘shimcha favqulodda holat tartibi parlamentning tasdig‘idan o‘tkaziladi. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches parlamentdan favqulodda holat rejimini 9-noyabrgacha (9-noyabr ham hisoblanadi) deb belgilashni so‘ragan.

“Biz ekstremal vaziyatdamiz, bu oxirgi yarim asr ichidagi eng qaltis holat” — degan hukumat rahbari favqulodda holatni joriy etish muhokama qilingan majlisdan keyin.

Ispaniyada mart o‘rtalarida ham favqulodda holat e’lon qilingan. Tartib 21-iyungacha amalda bo‘lgan, so‘ngra mamlakatdagi cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatilgandi.

Kuzda Ispaniyada ham boshqa Yevropa mamlakatlaridagi kabi koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlarining soni keskin ko‘paydi. 22-oktabrda Ispaniyada COVID-19 bilan kasallanishlarning sutkalik ko‘rsatkichi yangilandi — shu kuni 20 986 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan.

Pandemiya boshlanganidan buyon (2020-yil 25-oktabr holatiga) Ispaniyada jami 1 046 132 ta kasallanish holati kuzatilgan, 34 452 kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.