O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti sovrindori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zR FA akademigi Tursunboy Rashidov 7-oktabr kuni 86 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda akademiya axborot xizmati.

Foto: UzNews

Tursunboy Rashidov 1934-yil 27-may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1951-yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatgan va 1956-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning fizika-matematika fakultetini tugatgan. 1966-yilda 32 yoshli yosh olim, Tursunboy Rashidov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Mexanika va inshootlar seysmologiyasi institutining direktori etib tayinlangan.

Olim respublikada mexanika sohasi rivojlanishida katta hissa qo‘shgan. U 1966-yilda Toshkentda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng shaharni tiklashda va Toshkent metropoliteni qurilishida qatnashgan.