Davlat test markazi internetda test natijalari xato hisoblangan yoki test sinovlarida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgan, degan mazmundagi postlar va videomurojaatlar e’lon qilinayotgani yuzasidan tushuntirish berdi.

Foto: “Daryo”

“Mazkur holat Davlat test markazi tomonidan o‘rganib chiqildi. Holat bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, 11-sentabr kuni test sinovlari natijalarini e’lon qilishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Xatolik ijtimoiy tarmoqlarda yozilgani kabi test natijalarini hisoblashda emas, balki ularni e’lon qilishda kuzatilgan.

Test natijalaridagi texnik xatolik Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida 10-sentabr kuni 1-smenada o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan ayrim abituriyentlarda yuzaga kelgan. Mazkur holat aniqlanishi bilan xatolikni tuzatish ishlari boshlab yuborilgan.

Hozirda mazkur texnik xatolik tuzatilib, test natijalari xato e’lon qilingan abituriyentlarning natijalari yangilandi.

Mazkur abituriyentlar shaxsiy kabinetlari orqali yangilangan test natijalarini qayta ko‘rishlari mumkin.

Davlat test markazi yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun abituriyentlardan va ularning ota-onalaridan uzr so‘raydi”, – deyiladi DTM izohida.

Shuningdek, Davlat test markazi test sinovlarini shaffof va adolatli o‘tishiga hissa qo‘shayotgan blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorlik bildirgan.