Daryo

Samarqandda fuqaroni karantin qoidasini buzishda ayblab, uning pullarini qo‘lga kiritgan soxta IIB xodimlari qo‘lga olindi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

2 daqiqa o‘qish61 336 ko‘rishlar0 izoh0

Samarqand viloyatida o‘zini IIB xodimlari deya tanishtirib, tovlamachilik qilgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Samarqand viloyat IIB

Xabar berilishicha, 2020-yil 23-avgust kuni Nurobod tuman IIBga, tumanning “Kechkeldik” mahallasida yashovchi, 20 yoshli fuqaro F. ariza bilan murojaat qilib, o‘zini IIB xodimlari deya tanishtirganlar uning 462 ming so‘m pullarini olib qo‘yganini ma’lum qilgan.

Fuqaro arizasida ta’kidlanishicha, u 2020-yil 19-avgust kuni soat 23:00 da Nurobod tuman hokimligi binosi oldida piyoda ketayotgan vaqtida “VAZ-2106” rusumli avtomashinadan uch kishi tushib kelib, o‘zlarini ichki ishlar bo‘limidan deya tanishtirgan. Ulardan biri fuqaroga qizil rangli guvohnoma ko‘rsatib, ular bilan IIBga borishini talab qilib, uni avtomashinaga mindirgan.

Foto: Samarqand viloyat IIB

“Mendan karantin qoidalarini buzib, tungi vaqtda nima maqsadda ko‘chada yurganligimni so‘rashdi, ma’muriy bayonnoma tuzib, eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarima jazosiga tortishlarini aytishdi. Men qo‘yib yuborishlarini iltimos qilganimda, mendan pul talab qilishdi”, — degan 20 yoshli fuqaro F.

Fuqaro F. ularga “Mayli qancha pul kerak bo‘lsa, yonimda borini beraman” — deb aytgan vaqtida ulardan biri qo‘l telefoniga uning gaplarini yozib olib, “Sen bizga pora bermoqchimisan? Mana endi shu gaping uchun ham o‘zingni ‘pora berish’ jinoyati bilan jinoiy javobgarlikka tortamiz”, deb qo‘rqitib uni avtomashinada Nurobod tumani IIB binosiga yaqin joygacha olib borgan.

IIBga murojaat qilgan fuqaro o‘sha uch nafar shaxs uni javobgarlikka tortmaslik evaziga tovlamachilik yo‘li bilan yonidagi 462 ming so‘m pullarini olib qo‘yganini yozib, uch nafar noma’lum shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Nurobod tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu tovlamachilik jinoyatini tumanning “Sh.Yulduzi” mahallasida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan D., 1997-yilda tug‘ilgan T. va Nurobod tumani Amir Temur nomidagi mahallada yashovchi 2002-yilda tug‘ilgan Sh. sodir qilganligi aniqlangan. Ulardan qizil rangli, tashqi qismida gerbli tamg‘asi bo‘lgan guvohnoma, telefon apparati va 240 ming so‘m pul daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan.

Foto: Samarqand viloyat IIB

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyat IIB fuqarolardan shu kabi holatlarga duch kelgan vaqtda zudlik bilan IIVning 1102 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘ragan. Mavzuga doir:

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar