Belarusda prezidentlik saylovlari oldidan amalga oshirilayotgan kampaniya vaqtida 700 nafardan ziyod odam hibsga olingan, ularning har beshtadan bittasi ma’muriy qamoqqa tushgan. Bu haqda mamlakatdagi inson huquqlari himoyachilariga tayanib “Interfaks” xabar qildi.

Foto: EPA

“Hukumat tinchlik yo‘li bilan blogerlar, siyosiy faollar tomonidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarga nisbatan zo‘ravonlik siyosatini davom ettirmoqda. Mamlakatda siyosiy mahkumlar soni 24 nafarga yetgan. Saylovoldi kampaniyasi vaqtida hibsga olinganlar soni (8-maydan boshlab) kamida 703 nafarni tashkil qilmoqda, shundan 129 nafari ma’muriy qamoqqa olingan va 252 nafariga jarima tayinlangan”, – deyiladi “Vesna” huquqni himoya qilish markazi va “Belarusskiy Xelsinkskiy komitet” bayonotida.

Huquq himoyachilari hukumat tomonidan saylovoldi kampaniyasi davrida yaratilgan sharoitlar xalqaro standartlar, jumladan, teng huquqlilik prinsipiga asoslangan siyosiy raqobat mavjud bo‘lgan adolatli, demokratik saylovlarga mos emasligini qayd etgan.

Bundan tashqari, hisobotda prezidentlikka asosiy nomzod amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko ijro “vertikali” resursini ishlatib davlat OAVdan foydalangan holda saylovoldi targ‘ibot ishlarini boshlab yuborgani tanqid qilingan.

Avval Belarusdagi huquq himoyachilari saylovoldi kampaniyasida ishtirok etishi lozim bo‘lgan fuqarolar “Belgazprombank” sobiq rahbari Viktor Babariko va uning o‘g‘li Eduardni, bloger Sergey Tixanovskiyni, ularning yana bir qancha tarafkashlari va blogerlarni siyosiy mahbuslar deb e’lon qilgandi.

Belarusda prezidentlik saylovlarini 2020-yil 9-avgustda o‘tkazish rejalashtirilgan.