Qozog‘istonda koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi emlash Qozog‘iston milliy agrar universitetidagi Xalqaro vaksinatsiya markazida o‘tkazildi, deb xabar beradi Xabar 24’ga tayanib “Fergana.ru”.

Foto: “RIA Novosti”

Ushbu markaz vakili Kaysar Tabinov COVAX-19 vaksinasini qabul qilgan birinchi qozog‘istonlik bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, preparat Avstraliyada ishlab chiqilgan va hozirda klinik sinovlarning birinchi bosqichida.

Avstraliyalik virusologlar 2020-yilning aprel oyida COVID-19 kasalligini keltirib chiqaradigan SARS CoV-2 koronavirusiga qarshi vaksinani sinovdan o‘tkazishni boshladi. O‘sha paytda, Avstraliya Milliy ilmiy agentligining (CSIRO) bosh direktori Larri Marshall “CSIRO’da vaksinaga nomzodlarni sinovdan o‘tkazishning boshlanishi COVID-19’ga qarshi kurashda muhim bosqich” ekanligini aytgandi.

Qozog‘istonning o‘z COVID-19 vaksinasi Milliy biotexnologiya markazi va Biologik xavfsizlik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilmoqda. Ta’lim va fan vaziri Asxat Aymagambetovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu preparatni klinik sinovlari sentabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, klinikadan oldingi sinovlar 15-maydan boshlab muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 17,6 milliondan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, 679 mingdan ko‘proq odam vafot etgan. 1-avgust holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq 90 367 holati qayd etilgan, 60 825 kishi to‘liq davolangan, 793 kishi vafot etgan.

Avvalroq Rossiyada COVID-19’ga qarshi vaksinaning klinik sinovlari yakunlangani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, ommaviy emlash oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, dunyo bo‘ylab bir necha vaksinalar hozirda yakuniy sinov jarayonida. Xususan, AQShda Moderna kompaniyasi ishlab chiqargan vaksina 30 ming kishida yakuniy sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Xitoyning Sinopharm Group kompaniyasi o‘z vaksinasini O‘zbekiston va BAA davlatidagi 15 ming kishida yakuniy sinovdan o‘tkazmoqchi.