Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida boqimanda hokimlarni tanqid qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bunday hokimlar kimga kerak? Hadeb pul so‘raverishning o‘rniga tadbirkorlarga sharoit yaratsin, bir so‘mni ikki so‘m qilishni o‘rgansin. Toshkentdan kelgan pulni taqsimot qilib o‘tirishni hamma ham biladi”, — dedi davlat rahbari.

Uning ta’kidlashicha, Samarqand viloyati hokimi sifatida ishlagan vaqtlarida “traktor tugul, hatto oddiy shina olishga ham imkon topolmagan paytlari bo‘lgan”.

“Kuniga mashinam uchun 10 litr benzin berardi — bu Samarqanddan Paxtachiga borib-kelishga ham yetmasdi. Mehmon kutib-kuzatuvchi edim, kuniga uch-to‘rt marotaba mehmon kutishga ham to‘g‘ri kelardi. Shunday kunlarni ko‘rganmiz. Hozir unday emas-ku? Hududlarda milliard-milliard so‘m o‘zida qolyapti, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari boqimanda hokimlarni tanqid qilish bilan bir qatorda tashabbuskor, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshadigan rahbarlarni ham tilga olib o‘tdi.

“[Andijon viloyati hokimi Shuhrat] Abdurahmonov bilan [Namangan viloyati hokimi Xayrullo] Bozorovni nega hurmat qilaman? Ular aytilgan topshiriqni sidqidildan bajaradi, yana o‘zi tashabbus ham ko‘rsatadi. O‘ktam Barnoyevda ham shunday xususiyat bor edi. Bizga shunday hokimlar kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.