O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Abduqahhor Ibrohimov vafot etdi. Bu haqda uyushma axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Kun.uz”

Yozuvchi, dramaturg, publitsist, O‘zbekiston san’at arbobi Abduqahhor Ibrohimov Toshkentning Ko‘kcha dahasida 1939-yilning 16-avgustida tug‘ilgan.

“O‘zbekiston madaniyati” gazetasida adabiy xodim va bo‘lim mudiri, “Guliston” jurnalida mas’ul kotib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Madaniyat vazirligida repertuar-tahrir hay’ati bosh muharriri, O‘zbekiston Prezidenti devonida konsultant va yetakchi konsultant, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida bosh mutaxassis bo‘lib ishlagan.

Adabiy faoliyati 1960-yillarda boshlangan. “Qoya ostida”, “So‘nggi nur”, “Osmon yaqin, yer yumshoq” hikoyalar to‘plamlari, “Uyqu kelmas kechalar” romani muallifi.

“Til — taqdir demak”, “Vatan tuyg‘usi” (hamkorlikda), “Bizkim, o‘zbeklar” kabi badiiy va siyosiy publitsistik asarlarida til, ko‘hna milliy davlatchilik tarixi aks ettirilgan.

Adibning, ayniqsa, publitsist sifatidagi faoliyati e’tiborga sazovor. Muallif maqolalarida ko‘tarilgan siyosat, iqtisod va ma’naviyatga oid davrning dolzarb muammolari ko‘p hollarda o‘zining puxta yechimini topadi. Shu tufayli ham adibga 1990-yillarda Respublika matbuotida e’lon qilingan eng yaxshi publitsistik maqolalari uchun “Yilning eng yaxshi jurnalisti” degan maxsus diplom berilgan. Yozuvchi “Turkiston yaproqlari” nomli hujjatli qissasi uchun “Turkiston—umumiy uyimiz” xalqaro tanlovining g‘olibi bo‘lgan.

1999-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.