Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may, seshanba kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bergan.
Xabarda O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarayotgani bois 22-apreldan karantin sharoiti bosqichma-bosqich yumshatila boshlangani, mazkur ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joylardagi vaziyat o‘rganilgani va har bir tarmoq va hokimliklardan asoslangan takliflar olingani qayd etilgan.
Yig‘ilishda ushbu taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilingan.
Faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish subyektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.
Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda sanitariya talablarini belgilagan holda nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘lishi ta’kidlandi.
Biroq koronavirus to‘la bartaraf bo‘lmagani sababli odamlar ko‘p to‘planadigan obyektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar ma’lum muddatgacha saqlanib qoladi.
Respublika maxsus komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirildi.
“Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga doir:
Izoh (0)