Toshkent shahar IIBB 4-may, dushanba kunidan boshlab Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning tuman bo‘linmalari fuqarolar qabulini davom ettirishini xabar qildi.

Foto: “Daryo”

Xabarga ko‘ra, ish kunlari: dushanbadan shanbagacha, yakshanba va bayram kunlari — dam olish kuni. Ish vaqtining soatlari va tushlik vaqti ham o‘zgarmagan (ish vaqti: soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha).

“Qabul sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga qat’iy amal qilingan holda olib boriladi. Fuqarolardan tibbiy niqob taqishni va ijtimoiy masofani saqlashni so‘rab qolamiz!”, — deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 2020-yil 30-apreldan karantin choralari yumshatilgan va Toshkent shahri, viloyat va tuman markazlarida soat 07:00 dan 10:00 gacha hamda 17:00 dan 20:00 gacha ishga borish-kelish, dorixonaga chiqish, oziq-ovqat va boshqa zaruriy mahsulotlarni xarid qilish maqsadida shaxsiy, shuningdek, xizmat avtomobillaridan foydalanishga ruxsat berilgan.