Taksi haydovchilariga yo‘lovchi tashish faoliyatini olib borishga hali ruxsat berilgani yo‘q, ular faqat yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin, bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar qilgan.

Toshkent shahar YHXBB tomonidan taqdim etilgan videolavhada ham taksi haydovchilariga hali yo‘lovchi tashish faoliyatini olib borishga ruxsat etilmagani, shunga qaramay ayrimlar ushbu cheklovga rioya qilmasdan yo‘lovchi bilan harakatlanayotgani qayd etilgan.
YPX inspektori Akbar Hakimovning aytishicha 30-aprel kuni Toshkent shahrida Nexia rusumli mashina haydovchisi to‘xtatilganda uning avtomobilida yo‘lovchi ham borligi aniqlangan. Haydovchi yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hujjatlarga ega bo‘lgan, biroq salonda yo‘lovchining borligi karantin qoidalari buzilganini anglatadi.
Videoda haydovchi salondagi yigitning “mazasi bo‘lmagani” iltimos qilgani uchun uni manziliga eltib qo‘yishga rozi bo‘lganini aytadi. Yo‘lovchi ham taksini “Yandeks” ilovasi orqali chaqirgani, o‘zining ishga borib kelishga hujjati borligi, haydovchidan iltimos qilib, uning mashinasiga o‘tirganligini tan olgan.
- O‘zbekistonda taksi xizmatlariga yo‘lovchi tashish uchun ruxsat berildi
- Toshkent shahar IIBB shaxsiy avtomobilda harakatlanishga ruxsat etilishi munosabati bilan haydovchilarga murojaat qildi


Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi rasmiy sahifalarida hamda Telegram’dagi “Koronavirus Info” kanalida tarqatilgan Maxsus komissiya xabarida fuqarolarga ish joyiga borib kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish uchun 30-apreldan (7:00 dan 10:00 gacha hamda 17:00 dan 20:00 gacha) shaxsiy va xizmat avtotransport vositalaridan (yo‘lovchilar bilan birga), velosiped va mototransportlardan maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
“Gazeta.uz”ning ichki ishlar idoralaridagi manbalar orqali aniqlik kiritishicha, maxsus komissiyaning tasdiqlangan bayonida “yo‘lovchilar bilan birga” degan jumla mavjud emas. Komissiyaning bayonlari to‘liq e’lon qilinmagan va, asosan, tegishli qismlari haqida axborot, izoh va sharhlar berib borilmoqda.








