O‘zbekistonda 18-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 45 kishiga oshib, 1450 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi. Avvalroq 17-aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra, tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 1405 taga yetgani xabar qilingan edi.

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti rahbariyati taqdim etgan axborotga asoslanib ma’lum qilishicha, 18-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra ushbu institut klinikasida davolanayotgan 102 nafar bemorning 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti. To‘rt bemorning ahvoli og‘ir, bir bemorning ahvoli esa o‘ta og‘ir deb baholanmoqda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 98 bemordan ikki nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 153 bemorning 46 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilmoqda, yetti bemorning ahvoli og‘ir, bir bemorning ahvoli esa o‘ta og‘ir deb baholanmoqda.

O‘zbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning to‘rt nafari vafot etdi, 156 nafari esa sog‘ayib, reabilitatsiyaga olindi. Xorijda kamida 23 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan, ularning to‘rt nafari vafot etgan.