Daryo

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etiladi

2021-yil 1-avgustga qadar universitetning yangi 9 qavatli binosi va sport majmuasi qurilib, foydalanishga topshiriladi

1 daqiqa o‘qish51 672 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: wikipedia.org

“Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida​”​ Prezident qarori imzolandi.

Foto: wikipedia.org

Qarorga ko‘ra, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etiladi.

2020—2021-o‘quv yilidan boshlab universitetga ta’lim standartlarini ishlab chiqish, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda talabalarning bilimini baholash hamda o‘quv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini ta’minlash tizimini ishlab chiqish va tasdiqlash huquqi beriladi.

Universitetda ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlari universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga o‘qishga qabul qilishda sharq tillaridan (turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, yapon tillari) topshiriladigan ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihonlar o‘rniga test sinovlari o‘tkaziladi. Ushbu tajriba boshqa tillar (ispan, italyan, tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz tillari va boshqalar) bo‘yicha respublikadagi barcha davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda joriy etiladi.

Universitetda sharq tillari o‘qitiladigan ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun doimiy faoliyat yurituvchi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi hamda kurslardan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagog kadrlarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 20a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda universitetga beg‘araz o‘tkazib beriladi. 2021-yil 1-avgustga qadar ushbu hududda universitetning yangi 9 qavatli binosi va sport majmuasi qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Avvalroq Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar