Madridning “Real” klubi yozgi transfer oynasida yetti nafar futbolchisi bilan xayrlashishi mumkin, deya xabar qilmoqda Mundo Deportivo.

Foto: Mundo Deportivo

Ispaniya chempionatining 2019/20-yilgi mavsumi koronavirus sabab vaqtincha to‘xtatildi. Biroq madridliklar ustozi Zinedin Zidan va klub prezidenti Florentino Peres kelasi mavsum uchun tarkib tayyorlashni boshlab yubordi.

“Qaymoqranglilar” ayni damda markaziy hujumchi qidirish bilan band, ammo “Real” yozda barcha chiziqlarda o‘zgarishlar qiladi. Ta’kidlanishicha, himoyachilar Marselo va Alvaro Odriosola, yarim himoyachilar Xames Rodriges, Luka Modrich, shuningdek, hujum chizig‘i vakillari Garet Beyl, Mariano Dias va Luka Yovich madridliklar safini tark etadi.

Nashrda qayd etilishicha, “Real” faqat darvozabon chizig‘i borasida xotirjam, shu sabab Tibo Kurtua o‘z joyini saqlab qoladi. Ijaradagi darvozabonlar Andrey Lunin (“Real Ovyedo”) va Lyuka Zidanning (“Rasing”) jamoadagi kelajagi noma’lum bo‘lib turibdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!