Daryo

Markaziy bank boshqaruvi raisi Humo kartasiga o‘tishga majburlanayotgan fuqarolar noroziligiga munosabat bildirdi

“Moliyaviy savodxonligimiz oshgan sari odamlarimiz qancha plastik kartochka bo‘lsa, hammasidan olishga intiladi”, — deydi Mamarizo Nurmurotov

2 daqiqa o‘qish80 156 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Markaziy bank axborot xizmati

Aholi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan Humo plastik kartasi bozor iqtisodiyotida raqobat hosil qilish va aholining to‘lovlarni amalga oshirishdagi erkinliklari, imkoniyatlarini ta’minlash maqsadida yaratilgan. Bu haqda 5-mart, payshanba kuni, Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: Markaziy bank axborot xizmati

Humo tizimi orqali, eng avvalo, bozorda raqobat muhitini yaratmoqchimiz. Ya’ni aholiga plastik karta va boshqa informatsion texnologiyalar asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxini pasaytirish, sifatini oshirish asosiy maqsadlarimizdan biri. Ikkinchi bir muhim tomoni shuki, agar mazkur tizimni yo‘lga qo‘ymaganimizda, har qaysi bank o‘z tizimini yaratishga majbur bo‘lardi. Biz bu tizim orqali barcha tijorat banklari uchun yagona poydevor yaratdik. Xilma-xil chakana to‘lov bilan bog‘liq chakana xizmatlarni rivojlantirish uchun yagona poydevor qildik. Bir-biriga bog‘liqligi uchun buni har qaysi bank o‘zicha qilolmasdi. Mana ko‘ryapsizlar, natijada turli chakana bank xizmatlari paydo bo‘lyapti. Asosiy maqsadimiz ham mana shu”, — dedi Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurotov.

Shundan so‘ng, “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov bank raisiga “Siz yuqorida bu tizim raqobatni paydo qilish maqsadida joriy etilganini ta’kidladingiz. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda turli tashkilotlarda ishlaydigan fuqarolar Humo’ga o‘tishga majburlanayotgani haqida o‘z noroziligini bildirmoqda. Sizningcha, majburlash orqali raqobat muhitini yaratish qanchalik to‘g‘ri?”, — degan savol bilan yuzlandi.

“Majburiy raqobat hech qachon bo‘lmaydi. Biz xizmat turini yaratdik. Undan foydalanish asta-sekin amalga oshadi. Majburiy degan so‘zga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz bu borada budjet tashkilotlarining ma’lum daromadlarini Humo kartasi orqali to‘lash tizimi bo‘yicha ishlayapmiz. Buni majburiy, deb atashimiz noo‘rin. O‘z fuqarolarimizning to‘lovlarini amalga oshirishdagi erkinliklari, imkoniyatlarini ta’minlash maqsadida ushbu tizimni joriy qilganmiz. Masalan, Rossiyada “Mir” tizimi bor. Bu ham mamlakat Markaziy banki tomonidan tashkil qilingan. 64 foiz daromadlar “Mir” orqali aylanadi.

Moliyaviy savodxonligimiz oshgan sari odamlarimiz qancha plastik kartochka bo‘lsa, hammasidan olishga intiladi va xilma-xil kartaga nisbatan ehtiyojimiz yuqorilab boradi. Chunki to‘lov tizimi inson omili va texnikaga ko‘proq bog‘liq bo‘lgan narsa. Shu nuqtayi nazardan, uni majburlash, deb baholash va aytish nazarimda noto‘g‘ri hisoblanadi”, — deya javob qaytardi Nurmurotov.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar