Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga yana ikkita jinoyat ishi — IES modernizatsiyasi va ofis sotib olish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Bu haqda uning advokati Sergey Slesaryovning so‘zlariga asoslanib, “24.kg” xabar berdi.

Foto: EPA

“Harbiy prokuratura yana ikkita jinoyat ishi — IES modernizatsiyasi va forum binolari bo‘yicha bildirishnoma e’lon qildi”, — dedi Slesaryov.

Harbiy prokuratura aybloviga deputatlar komissiyasining xulosasi asos bo‘lib xizmat qildi.

2018-yil yanvarida butun Qirg‘iziston poytaxtini issiqlik va elektr bilan ta’minlaydigan Bishkek IESda avariya sodir bo‘lgandi. Avariyadan so‘ng modernizatsiyasi 386 million dollarga tushgan IES atrofida mojaro kelib chiqdi. IES bo‘yicha shartnoma tuzishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlikda ayblanib qator amaldorlar, jumladan, sobiq bosh vazirlar Sapar Isakov va Jantoro Satibaldiyev hibsga olingan.